Toshkent farmatsevtika instituti
Veb-saytdagi ma'lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.
Navro‘z – qadim qadriyatlar tarovati
Sharqona yangi yil – Navro‘zi olam yangilanish va yasharish fasli bahor tarovatini qalblarga ulashib, barchada yangi va farovon kunlarga umid hamda ishonch uyg‘otishi bilan hamisha qadrli sanaladi.
Mazkur bahor ayyomi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham tan olingan. 2009-yil 30-sentyabrda UNESCO tomonidan Navro‘z bayrami insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2010-yil 19-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasi 64-sessiyasida 21-martni “Xalqaro Navro‘z kuni” sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Shundan so‘ng Navro‘z biror bir millat yoki madaniyatning bayrami sifatida emas, balki butun insoniyat merosining ajralmas qismiga aylandi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jamiyat hayoti, insonlar qalbi va ongida ham yangilanish va taraqqiyotga daxldorlik hissini uyg‘otmoqda. Shu munosabat bilan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-fevraldagi “2022-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Mazkur qaror ijrosi barcha hududlarda shu jumladan oliy taʼlim muassasalarida ham taʼminlanmoqda.
Ayyom shukuhi Toshkent farmatsevtika institutida ham yuqori saviyada nishonlandi. Institutning 3 ta fakultetidagi mavjud 17 ta kafedraning professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari tomonidan tayyorlangan bayram dasturxonlari, o‘ziga xos bo‘lgan har bir viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasining anʼanalari aks etgan taomlari, liboslari namoyishi o‘tkazildi. Shuningdek, doshqozonda qaynatilgan sumalak bayramga bayramona tus berdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
SHukuxli kechada Toshkent farmatsevtika instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Zokirjon Yuldashev, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Ibroxim Sagatov, Ilmiy va innovatsion loyihalar bo‘yicha prorektor Nodirali Normaxamatov, Amaliy ishlar bo‘yicha prorektor Xilola Ganiyeva shuningdek, fakultet dekan va dekan o‘rinbosarlari bayramning asosiy mehmonlari sifatida ishtirok etishdi.
Bayram tadbirini institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Zokirjon Yuldashev kirish so‘zi bilan ochib berdi va barchani uyg‘onish va yangilanish ayyomi Navro‘z bilan tabrikladi.
Mamlakatimiz viloyatlarining urf-odatlari, milliy folklori aks etgan sahna ko‘rinishlari va raqslari namoyish etildi. Shuningdek, institut talaba yigitlari sportning tosh ko‘tarish va arqon tortish turlari bo‘yicha mahoratini namoyish etishdi.
Navro‘z sayli bayrami yakunida esa tadbirda faol ishtirok etib, o‘zlarini namoyishlari bilan namuna ko‘rsatgan fakultet va kafedra mutasaddilari tashakkurnomalar bilan taqdirlanishdi.
Toshkent farmatsevtika instituti
Axborot xizmati