Toshkent farmatsevtika instituti
Veb-saytdagi ma'lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.
23 oktyabr kuni Toshkent farmatsevtika institutida Latviya Fanlar Akademiyasi prezidenti va akademigi, kimyo fanlari doktori, professor Ivars Yanovich Kalvinsh bilan talabalar va institut jamoasi uchrashuvi hamda professor Ivars Yanovichning talabalarga ma’ruzasi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, Institut rahbariyati ishtirokida o‘tgan qizg‘in muloqotda institut rektori Kamal Saidakbarovich Rizayev institutning tarixi, buguni va kelajagi borasida, ilmiy izlanish va ularni amaliyotga yo‘naltirish borasida qisqacha ma’ruzasidan keyin akademik I.Ya.Kalvinsh Latviya Fanlar Akademiyasi ilmiy tekshirish institutlari, jumladan Latviya organik sintez institutida bugungi kunda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar haqida fikr almashinildi. Professor Kalvinsh yangi kashf etilayotgan va amaliyotga joriy etilayotgan farmatsevtik preparatlar yaratish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga va shu orqali tijoratlashtirishga yo‘naltirish borasida xorijiy hamkorlar bilan munosabatlar haqida gapirib o'tdi.
Shundan so‘ng, talabalar va ilmiy xodimlar ishtirokida o‘tgan “Koronavirus va uning molekular tuzilishi, unga qarshi vaksina va preparatlar yaratish istiqbollari”mavzusidagi ma’ruza-muloqoti davomida, akademik Kalvinsh bugungi kunda dunyoda vaksina yaratish, Latviya ilmiy tekshirish institutlarida virusga qarshi immunopreparatlar yaratish borasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, murakkab sintez bosqichlari va ularni soddalashtirishda innovatsion yechimlar to‘g‘risida o‘z fiklari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘z ma’ruzasi so‘ngida akademik Kalvinsh Toshkent farmatsevtika instituti ilmiy xodimlarini, doktorantlarini organik sintez, tibbiy kimyo kabi sohalarda Latviya Fanlar Akademiyasi ilmiy tekshirish institutlarida malaka oshirishlari, ilmiy tadqiqot olib borishlari uchun hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdi.
Yig‘ilish so‘ngida tibbiy, farmatsevtik va organik kimyo sohalariga qo‘shgan hissasi, innovatsion yechimlari hamda o‘zaro manfa'atli hamkorlik uchun akademik Kalvinshga Toshkent farmatsevtika instituti faxriy professori unvoni berildi.