Tel: (+99871) 256-37-38
~ ~

  • Category
  • 2022-03-29 13:34:33
  • 6 comments
Talaba yoshlar ish bilan taʼminlanmoqda yoxud institutda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada yoshlar bandligini taʼminlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish muhim masala hisoblanadi. Chunki aynan yoshlar mamlakat salohiyatini tashkil qiladi. Mehnat bozorida yoshlarga munosib ish o‘rinlarini topib berish mamlakat istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 4-mart kuni oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Yig‘ilishda qayd etilganidek, hozirgi kunda mamlakatimizdagi oliygohlarda 510 ming nafar talaba kunduzgi taʼlim shaklida o‘qimoqda. Talabalarning 100 ming nafarga yaqini ishlash va qo‘shimcha daromad topishga ehtiyoji borligini bildirgan va ular orasida 7,5 ming chin yetim yoki nogironligi bo‘lgan hamda 4,5 ming nafar turli “daftarlar”ga kiritilgan talabalar mavjudligi ta’kidlandi.

Bugungi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rni mavjud bo‘lib, shundan, taʼlim va xizmat ko‘rsatish sohalarida – 22 mingtadan, sanoatda – 17 ming, sog‘liqni saqlashda – 9 ming, qurilish va qishloq xo‘jaligida – 6 mingtadan, moliya sohasida – 3 ming, aloqa va IT sohasida – 2,5 ming ish o‘rni borligi aniqlangan.

Ushbu yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan talabalarni bo‘sh ish o‘rinlariga taklif etish va ularga qulaylik yaratish maqsadida barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalar uchun ishlashga ruxsat berildi hamda talabalarni ish bilan taʼminlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berilgan edi.

Bugun mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent farmatsevtika instituti, Toshkent shahar prokuraturasi, Mirobod tuman prokuraturasi, Mirobod tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda Toshkent farmatsevtika institutida talabalar bandligini taʼminlash masalalari yuzasidan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi.

Ushbu yarmarkada 10 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalari, dorixonalar va shifoxonalardan tashrif buyurgan ish beruvchilar bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi va ko‘plab talaba yoshlar bilan shartnomalar tuzishga muvoffaq bo‘lishdi. Ushbu bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilishidan oldin jami 650 dan ortiq talaba yoshlar ishlash istagini bildirgan edi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tmoqchimiz, hozirgi kunda institutda 3 ta fakultet, 17 ta kafedra faoliyat olib bormoqda. Bular, Farmatsiya, Sanoat farmatsiyasi va O‘zbek-Rossiya taʼlim fakultetlarida jami talabalar 3708 ta shundan 3565 nafari bakalavriat hamda 141 nafar magistratura bosqichida tahsil olib kelmoqda.

Muxtasar aytganda, Toshkent farmatsevtika instituti yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib bermoqda.

 

Toshkent farmatsevtika instituti

Axborot xizmati

Taklif va mulohazalaringizni jonating