Tel: (+99871) 256-37-38
~ ~

  • Category
  • 2021-11-23 09:46:09
  • 6 comments
Ustozga ehtirom - oliy fazilat!

Yosh avlod ta'lim-tarbiyasi – mashaqqatli va ayni paytda juda sharafli yumush. Shu bois “Ustoz otadek ulug‘”, degan asriy hikmat, o‘zbekona lutf zamirida ham ana shu hayotiy haqiqat mujassam.

 

 

Bugun, Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Abduqahhor domla Yunusov bilan  talaba-yoshlarning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor I.R.Sagatov,  Farmatsiya fakulteti dekan o'rinbosari A.A.Tagbayev, institut tyutorlari va talabalar ishtirok etishdi.  Abduqahhor domla Yunusov  “Ustozga hurmat – oliy fazilat” mavzusida talabalarga  ma'ruza qilib berdilar:

 

 «...Islom ilmu ma'rifatga targ‘ib qiluvchi ilohiy dindir. Muallimlik esa buyuk maqomdir. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari bo‘lmish payg‘ambarlar ham muallim qilib yuborilganlar. 

 

 Ilm ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning sa'y-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. Ilm o‘rgatuvchi ustozlar bejizga “payg‘ambarlarning merosxo‘rlari” deb e'zozlanmaganlar. 

 

 Hadisi sharifda: «Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto kovagidagi chumoli va xattoki baliqgacha odamlarga yaxshilikni ta'lim beruvchiga salovot aytadilar» (Imom Termiziy rivoyati).

 

 Ustoz va murabbiylar jamiyat imoratining bunyodkorlari, ongu tafakkur muhandislari va ma'rifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Ustoz va muallim hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun tinimsiz mehnat qiladi. 

 

 Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy rahimahulloh bir muddat Makkai mukarramada dars berganlar. Bir ziyoratchi Imom hazratlariga Buxoroi sharifdagi ustozlaridan salom va maktub keltiradi. Shunda Imom Buxoriy ziyoratchining ustozlar yurtidan kelganini bilib, uni quchoq ochib kutib olganlar va cheksiz ehtirom ko‘rsatib mehmon qilganlar. Undan salom xabarini eshitganlarida Buxoroi sharif tomonga yuzlanib, salomga alik olganlar va tabarrukona maktubni ikki qo‘llab olib, ehtirom bilan tanishib chiqqanlar.

 

 Imomi a'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan bunday deganlari rivoyat qilinadi: «Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar albatta ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. (Nafaqat u) Balki, kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman...»

 

 

Tadbir qizg'in savol-javoblarga ulanib ketdi. Talabalar   Abduqahhor domlaning ibratli nutqlaridan o'zlari uchun kerakli xulosalar va bir olam  saboq oldilar.

 

Taklif va mulohazalaringizni jonating