Toshkent farmatsevtika instituti
Veb-saytdagi ma'lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.
Turnirda jaʼmi 6 ta jamoa ishtirok etib, hozirgacha 3 ta tur oʻtkazildi. Barcha turlarda qizgʻin savollar, jamoalarning keskin raqobati oʻyinga boʻlgan qiziqishni yana orttirmoqda.
Kecha boʻlib oʻtgan, "Xotira va qadrlash kuni"ga bagʻishlangan 3-tur oʻyini ham avvalgi oʻyinlardek juda qiziqarli va murasasiz oʻtdi. Institut rahbariyati va professor-oʻqutuvchilar tomonidan ushbu oʻyinga atab maxsus savol va sovgʻalar taqdim qilindi. Oʻyin jarayonini institutimizda oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Zokir Abidovich hamda Sanoat farmatsiya fakulteti dekani Zuhriddin Oʻrmonovichlar bevosita kuzatib bordilar. Yakunda gʻolib jamoalarga diplom va esdalik sovgʻalarini topshirdilar.
Turnir jaʼmi 6 ta turdan iborat boʻlib, ayni paytda 3 ta tur natijalari boʻyicha jamoalar bir biriga juda yaqin xolatda turibdi. Barcha jamoalarda gʻolib boʻlish imkoniyati saqlanib qolgan.
Hozirda jamoalar quyidagicha joylashuv hosil qilgan:
Creative 38
Zukkolar 38
Brain 37
Parvoz 37
Alkimyogar 35
The Best 20
Intellektual oʻyinlarning shaxs uchun maʼrifiy va ijtimoiy ahamiyatlari juda kattadir. Birinchi oʻrinda, har qanday savolga javob izlash, insonning mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi. Yuksak mantiqiy tafakkur nafaqat savollarga javob topishda, balki, hayotda duch keladigan turli muammolarni hal qilishda ham eng muhim omil hisoblanadi.
Zakovatning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, jamoaviy oʻyinlarda qatnashish jamoaviy munosabatlarni oʻrnatadi. Talabalarni kichik maqsad yoʻlida birlashtirgan oddiy oʻyin, kelajakda ularning katta maqsad yoʻlidagi hamkorliklariga debocha boʻlsa ajab emas.
Jamoa tarkibidagi barcha oʻyinchilar masalaga oʻzining rakursi bilan yondashadi. Hamma oʻz fikrini himoya qilib, yakunda bir toʻxtamga kelinadi. Bu esa kishida oʻz fikrini isbotlab berish koʻnikmasini shakllanishiga yordam beradi.
Toʻgʻri javob eʼlon qilinayotganda ajraladigan adrenalinni, javobni topganda ajraladigan dofaminni boshqa joydan izlab topish qiyin. Bu jarayonlar insonga oʻzgacha zavq beradi.
Baʼzan berilgan javoblar notoʻgri boʻlishi, oʻyin muvaffaqiyatsiz yakunlanishi mumkin. Magʻlubiyat, boshqalarning muvaffaqiyati, gʻalabaga intilish, bilim olishga katta motivatsiya beradi. Mana shu intellektual oʻyinlarning asosiy ahamiyatidir: talaba boʻsh vaqtini behuda sarflash oʻrniga, eruditsiyani rivojlantiruvchi kitoblar oʻqishni, foydali videolar koʻrishni boshlaydi. Vaqtdan unumli foydalanishga harakat qiladi. Zero, gʻoliblar xarakteri ham mana shunda. Yiqilgandan keyin oʻrnidan turib, yana oldinga qarab harakat qilaveradi. Bundan koʻrinib turibdiki, intellektual oʻyinlar bilim olishga motivatsiya ham beradi. Demak, "Zakovat"da qatnashish - vaqtni behuda sovurish emas, balki vaqni oʻsish va shaxsiy rivojlanishga sarflashdir.
Hozirgi kunda institutimizning imidjini koʻtarish uchun ham mana shunday turnirlarni yuqori saviyada oʻtkazish, yoritib borish, koʻproq talabalarni jalb qilish muhim ahamiyatga egadir. Shu maqsadda rahbariyat va tashkilotchilar keyingi oʻyinlarni ham mana shunday yuqori saviyada oʻtkazishga harakat qilib kelmoqdalar.