Toshkent farmatsevtika instituti
Veb-saytdagi ma'lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.
Farmatsevtika ta’limida xalqaro hamkorlik: Toshkent farmatsevtika instituti va Hindistonning Shoolini universiteti o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bugun, Toshkent farmatsevtika instituti rektori Kamal Rizayev va Hindistonning Shoolini universiteti professori Dr.Dipak Kumar o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv o'zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bo'lib, uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlari, kadrlar tayyorlash va o‘quv dasturlarini boyitish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur muloqotda Toshkent farmatsevtika institutida Hindiston farmatsevtika sohasidagi ilg‘or tajribalarni qo‘llash, talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobillik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Dr.Dipak Kumar Shoolini universitetining ilmiy izlanishlari, innovatsion ishlanmalari va xalqaro hamkorlik loyihalari bilan bo‘lishib, O‘zbekiston farmatsevtika sohasining imkoniyatlari va o‘sish salohiyatini yuqori baholadi.
Uchrashuv natijasida tomonlar o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda kelgusidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga, farmatsevtika sohasidagi ilg‘or texnologiyalar va bilimlar almashinuvi orqali mintaqa taraqqiyotiga hissa qo‘shishga kelishib oldilar va uchrashuv so'ngida Toshkent farmatsevtika instituti hamda Hindistonning Shoolini universiteti o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumini imzoladilar.
Tashrif so'ngida, Dr.Dipak Kumar Toshkent farmatsevtika institutining o‘quv faoliyati bilan yaqindan tanishdi. U institutda yaratilgan ta’lim sharoitlari, o‘quv laboratoriyalari, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun zarur texnika va uskunalar bilan jihozlangan auditoriyalarni ko‘zdan kechirib, talabalarga nazariy va amaliy bilim berish uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholadi hamda mazkur uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan aloqalarini mustahkamlash yo‘lida yana bir qadam bo‘lishini ta'kidlab o'tdi.