Zamonaviy laboratoriya – tibbiy farmatsevtika kelajagi.

10.12.2017, 19:00 Institut yangiliklari, Yangiliklar 969

Hozirgi kunda oliy ta’limning asosiy vazifasi o‘quv jarayonini samaradorligini ta’minlash bo‘lib, bu jarayonni Davlat ta’lim standartlariga muvofiq holda amalga oshirilishi kelajakda yurtimizga raqobatbardosh  mutaxassislar yetkazib berish va davlatimiz ravnaqiga hissa qo‘shishga asos yaratadi. O‘quv jarayonida hozirgi zamon pedagogik texnologiyalari va innovatsion pedagogik uslublar keng qo‘llaniladi. Albatta, pedagog olimlarning e’tirof etishlaricha bilimlarni o‘zlashtirilishida amaliy va laborator darslarning ahamiyati kattadir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga oid ko‘plab qarorlarini amaliyotga tadbiq etish borasida qilinayotgan ishlarning natijasi sifatida institutning bir qator kafedralari zamonaviy laboratoriya jihozlari va tajriba uchun laborator hayvonlar bilan ta’minlanib kelmoqda. Institut rahbariyati o‘quv jarayonida nazariya va amaliyot birligini ta’minlash va bu orqali bilimlarni samarali o‘zlashtirilishida katta ahamiyat bermoqda. Mazkur qarorlar ijrosi sifatida Farmakologiya va klinik farmatsiya kafedrasi qoshida 2017-yil 1-martda “Koordinatsion birikmalar, biologik faol moddalar va faramakotoksikologik tahlil” laboratoriyasi tashkil etilgan. Kafedra professor-o‘qituvchilari kafedra mudiri t.f.d S.A.Saidov boshchiligida  institut  barcha bosqich talabalari o‘quv jarayonida mazkur laboratoriyadan samarali foydalnib kelmoqdalar.

Institutimiz talabalari kelajakda farmatsevtika yo‘nalishida yetuk mutaxasis bo‘lib etishishlari uchun organizmning normal tuzilishi va faoliyati to‘g‘risida bilim va ko‘nikmalarni xosil qilishda fiziologiya fanining ahamiyati beqiyosdir. “Farmakologiya va klinik farmatsiya” kafedrasining o‘quv jarayoni davomida 1 bosqich talabalariga o‘tiladigan fiziologiya fanining amaliy va laboratoriya darslarida mavzularga bog‘langan holda laboratoriyada hayvonlar ustida tajribalar olib borish va biologik suyuqliklarni analizatorlarda tahlil qilish ishlari samarali amalga oshirilmoqda.

To‘qimalar tuzilishi,  xossalari va vazifasi mavzusidagi darsida kafedraning laboratoriyasidagi binokulyar mikroskop INPUT: DS 5V 2A yordamida xujayra va to‘qima preparatlarini ko‘rish tashkil etildi. Talabalarga mikroskop yordamida 4 tur to‘qimalar kursatildi.

     

Qon guruhlari va rezus omilni aniqlash mavzusiga doir amaliy mashg‘ulot vaqtida guruhlarda mavzuni izohlash bilan bir qatorda qon guruhlari, rezus omil bo‘yicha qon tahlili talabalar bilan birgalikda o‘tkazildi. Talabalarga qanday ko‘rsatgichlar va zardoblar yordamida qon tahlili qilish mumkinligi chuqur tushuntirildi.

     

Yurak va qon tomirlar fiziologiyasi mavzusida laboratoriya sharoitida kalamush ko‘krak qafasini ochish va yuragini topografiyasini to‘liq o‘rganish, yurakni izolyasiya qilgan holda fiziologik eritmaga qo‘yilishi va uning nerv tizimi va tashqi muhit omillari ta’siridan xoli bo‘lgan holda avtomatiyasini kuzatish, yurak faoliyatiga turli kimyoviy moddalar ta’sirini ko‘rish ishlari amalga oshirildi.

     

Ayiruv tizimi fiziologiyasini tushuntirish bo‘yicha amaliy darslarda laboratoriya sharoitida Mindray UA-66 anlizatori yordamida peshob tahlili  o‘tkazildi va talabalarda peshob makro va mikro tarkibi tahlili bo‘yicha ko‘nikma hosil qilindi.

     

Markaziy asab tizimi mavzusini talabalarga chuqur tushuntirish va mavzuni samarali o‘zlashtirilishini ta’minlash maqsadida laboratoriya sharoitida baqada reflektor yoy analizi amaliy tarzda bajarildi.

     

Ichki sekretsiya bezlari va ularni topografiyasini o‘rganish maqsadida laboratoriya sharoitida kuyonda tajriba o‘tkazildi va ichki sekretsiya bezlari talabalarga ko‘rsatildi va darsni yuqori sifat bilan o‘zlashtirilishi ta’minlandi.

    

   Hozirgi kunda kafedrada o‘qitiladigan barcha fanlar bo‘yicha mavzularga oid laboratoriya tajribalarini amaliyotda qo‘llash ustida kafedra xodimlari tinmay izlanishlar olib bormoqdalar.

Famakologiya va klinik farmatsiya kafedrasi dotsenti

ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul V.B.Rasulova