Vatan, jamiyat, jamoa, ustoz va ota-onalar oldidagi majburiyatlar.

14.04.2018, 16:49 Institut yangiliklari, Yangiliklar 288

2018-yil 13-aprel kuni Toshkent farmatsevtika instituti 1-o‘quv binosining 32-xonasida farmatsiya yo‘nalishi 1-kurs 6/1 va 6/2-gurux talabalari o‘rtasida “Vatan, jamiyat, jamoa, ustoz va ota-onalar oldidagi majburiyatlari” mavzusida  davra suxbati o‘tkazildi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor S.N.Aminov,  gurux murabbiysi R.SH.Zaripova va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda Toshkent farmatsevtika instituti “Anorganik, analitik, fizik va kolloid kimyo” kafedrasi  professori S.N.Aminov  so‘zga chiqib, quyidagi masalalarga aloxida to‘xtalab o‘tdi.

 O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini jahon hamjamiyati maydonida yil sayin barqarorlashtirib borar ekan, uning istiqboli ko‘p jihatdan bugungi avlodning bilimdon, ma’naviy jihatdan barkamol insonlar bo‘lib etishishiga bog‘liqdir. O‘tmishda yurtimizning sodiq farzandi, buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniy: “Tarbiya biz uchun yo hayot yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” – degan so‘zlari asrimiz boshida millatimiz uchun qanchalar muhim va dolzarb bo‘lsa, hozirgi kunda biz uchun ham shunchalik, balki undan ham ko‘ra muhim va dolzarbdir.

Yosh avlod tarbiyasi va uning natijasi ijtimoiy hamda shaxsiy manfaat kasb etadi. Yaxshi tarbiya faqat oila uchun quvonch, baxt-saodat, ruhiy va iqtisodiy boylik keltirib qolmay, shu bilan birga, jamiyat uchun zo‘r siyosiy-ma’naviy ahamiyatga ega. Darhaqiqat, bola tarbiyasi nihoyatda nozik, murakkab, ijodiy jarayon sifatida chuqur pedagogik va psixologik bilimlarni talab qiladigan san’at bo‘lib, uning tub mohiyati va ildizlari kishilik jamiyati taraqqiyotining qonunlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Har qanday tuzumni nasl-avlodsiz yoki tarbiyasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Sir emas, har bir ota-ona farzandining sog‘lom, odobli, bilimdon, mehnatsevar va umuman davrimiz talablariga muvofiq inson bo‘lib etishishini istaydi. Biroq, farzandlarini yaxshi tarbiyalashi, ta’lim olishi uchun faqat ota-onadagi hohish, istakning o‘zi kifoya qilmaydi. Buning uchun ular ta’lim va tarbiyaning nozik tomonlarini va qonuniyatlarini, har bir konkret vaziyatda bolaga qanday munosabatda bo‘lish va qanday yordam berish kerakligini bilishlari lozim.

Ta’lim-tarbiya to‘g‘risidagi bilimlar ota-ona va mutasaddi shaxslarga avvalo o‘z farzandlarini yaxshiroq bilib olishlarida yordam beradi. Ko‘pchilik ota-onalar o‘z bolamni yaxshi bilaman, deb ba’zan yanglishadilar. Bolani bilish barinchi navbatda, uning qanday o‘sayotgani va kamol topib borayotganini, uning talablari, qiziqishlari, layoqati, fe’l-atvori, xulqi, kimlar bilan do‘stligini bilish va uning ana shu jihatlariga jiddiy e’tibor bilan qarash demakdir, shundagina bolaning qiziqishini lozim bo‘lgan yo‘lga burib yuborish yoki uni yomon xulqdan vaqtida tiyish mumkin bo‘ladi.

Mustaqil O‘zbekistonda bevosita o‘zimizga xos, o‘zimizga mos bo‘lgan, takrorlanmas, buyuk tariximiz, an’analarimizga asoslangan va shu bilan birga hozirgi davr talablariga javob bera oladigan Kadrlar tayyorlash milliy modeli yaratildi. Mazkur model faqat mavjud yutuqlarni avaylab, saqlabgina qolmay, ayni paytda ta’limni yaxshilash yo‘lidagi faoliyatini izchil davom ettirishga qaratilgandir. Ayniqsa, to‘qqizinchi sinfdan keyingi uch yillik majburiy ta’lim alohida e’tiborga sazovordir. Milliy dasturda o‘z aksini topgan o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘ziga xos yangi namunasi hayotga kirib kelayotgan o‘smirlar kamida ikki-uch zamonaviy kasbni puxta egallab chiqishiga imkoniyat yaratadi. Ana shu kasblarni munosib egallashning muhim garovi puxta bilim va ijodkorlik, mehnatsevarlik singari fazilatlar tufayli erishiladi. Mutasaddi shaxslarning yoshlarga befarq bo‘lmasligi, ularning qiziqishlari va dunyoqarashlarini o‘rganib borishi, bolalarning yosh va individual xususiyatlarini inobatga olishi, turli zamonaviy axborot va texnik omillardan to‘g‘ri va o‘rinli foydalana olishlari, o‘z millati, Vatani uchun fidoyi insonlar bo‘lib etishishiga ko‘mak bermoq, hozirgi kunning dolzarb masalalaridandir. Bu borada, ayniqsa oila, maktab va jamotchilikning hamkorlikda faoliyat yuritishi muvaffaqiyat garovidir. Shubhasiz, bu qilinayotgan ishlar millatimizning ravnaqi, bo‘lajak avlodning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada orttiradi.

Yoshlar – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi va tayanchi. Mamlakatimizning kuch- qudrati, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy omillar bilan bir qatorda, kadrlarning salohiyatiga, ularning murakkab muammolarni hal qilish qobiyaliyatiga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Vatan, el-yurt, jamiyat taraqqiyotida o‘z mas’uliyatini qay darajada anglashi O‘zbekistonning ertangi kunini belgilovchi asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bois, Respublikamizda qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lgan, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan, iste’dodli yoshlarni tarbiyalashga alohid e’tibor qaratilgan

Bu esa, ta’lim va tarbiya jarayonining barcha mutasaddi shaxslaridan islohotlarni amalga oshirish yo‘lida yanada samarali mehnat qilishimizni, bugun kechagiga nisbatan, ertaga bugungiga nisbatan unumli mehnat qilishimizga chorlaydi. Zero, kelajak avlod haqida qayg‘urish, barkamol naslni tarbiyalab voyaga yetishtirishga intilish, bizning milliy xususiyatlarimizga xos fazilatdir. Suhbat jarayonida talabalar o‘zlarining qiziqtirgan savollari bilan murojaat qildilar va berilgan savollarga  prof. S.N.Aminov javob berdi.

Olib borilgan suxbat talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi va ular qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga hamda ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirishga erishildi. Jami ishtirokchilar 20 nafar