TOSHKENT FARMATSEVTIKA INSTITUTINING ILK BITIRUVCHISI.

16.11.2017, 17:32 Institut yangiliklari, Yangiliklar 716

     

     

O‘zbekistonda har  tomonlama jadal sur’atlar bilan rivojlanib, jamiyatimizda tubdan demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilib borayotgan davrda Toshkent farmatsevtika instituti tabarruk  80 yilligini nishonlanmoqda. Institut o‘zining o‘tgan
bir asrga yaqin  davri mobaynida minglab soha mutaxassislarini etishtirib, yuqori malakali, ilmiy darajali kadrlar tayyorlab, ko‘plab original dori vositalari yaratib o‘zining noyob tarixini kashf eta oldi.

Toshkent farmatsevtika instituti rasman sobiq Ittifoq Sog‘liqni saqlash komissarligining 1937-yil 16-iyuldagi 155-sonli buyrug‘i bilan Toshkent tibbiyot institutining alohida kafedralari asosida tashkil etilgan. Institut o‘z faoliyatini 1937-1938-o‘quv yilidan 63 nafar talabalarni  1-kursga  qabul qilish bilan boshlagan. 1941-1942 o‘quv yilida institut  professor-o‘qituvchilari shtati 38 nafar xodimlardan iborat bo‘lib, ulardan 5 nafari professorlar, 7 nafari dotsentlar, shuningdek 9 nafari fan nomzodlari bo‘lgan.

 Institutning birinchi bitiruvchilari 1941-yilda 37 nafar provizorlardan iborat bo‘lib, shulardan faqat 2 nafari o‘zbek millatiga mansub kadrlar bo‘lgan. Mazkur 37 nafar bitiruvchilardan biri Shafikova Xorra Ax’yarovna tatar millatiga mansub bo‘lib,  bugungi kunda ko‘pmillatli mamlakatimizda  qarilik gashtini surmoqda.  Xorra Shafikova Toshkent farmatsevtika instituti birinchi bitiruvchilaridan biri bo‘lgan. Bu yil o‘zining 100 yoshini qarshi oladi.

Shafikova Xorra Ax’yarovna 1917-yil 20-dekabrda Boshqirdistonda tavallud topgan. O‘sha davrda olib borilgan siyosat tufayli Toshkentga ko‘chib kelishgan. Institutga o‘qishga kirishdan oldin rabfakda (hozirgi o‘quv kurslariga o‘xshash) tahsil oldi. 1937-yilda Toshkent farmatsevtika institutiga o‘qishga kirib mazkur dargohni 1941-yilda tamomlagan. O‘qishni tamomlagandan so‘ng 1941-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumaniga taqsimotga asosan dorixonaga ishga yuborilib, o‘z mehnat  faoliyatini boshladi. Shu davrda ikkinchi jahon urushi boshlangan edi. Bizni vatandoshlarimiz ham urushda jang qilmoqda edilar. Shafikova Xorra front ortida mehnat qilib, urushda jangchilar uchun kerak bo‘ladigan dori-darmonlarni ishlab chiqarishda o‘z hissasini qo‘shgan. Shafikova Xorra oila qurib, 1947-yilda Boshqirdistonga ketadi va u erda dorixonalarda o‘z faoliyatini davom ettiradi. 1962-yilda esa Toshkentga qaytib kelib, Toshkent viloyati Dorixona boshqaruvida o‘z ishini davom ettiradi. Mazkur dargohda 1973-yilgacha faoliyat olib boradi.

Turmush o‘rtoqlari  Kapkaev Muxamed Salixovich ham dorixonada ish yuritgan. 1994-yilda turmush o‘rtoqlari vafot etgan. Xorra Shafikovaning 2 nafar farzandlari bor. Farzandlari Kavtunova Kamila Muxametova tadbirkor, o‘g‘illari Kapkaev Shamil Muxametovich esa engil atletika bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan murabbiy sifatida faoliyati olib bormoqda. Shuningdek, Xorra Shafikova 5 nabira, 5 ta evara, 1 ta chevaralari bag‘rida qarilik gashtini surmoqda.

Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 50 yilligi va 70 yilligi munosabati bilan yubley medali bilan mukofotlangan.

     

     

Toshkent farmatsevtika institutining 80 yilligi arafasida  Xorra Shafikova bilan uchrashib, institutda tahsil olgan davri xususida suhbat uyushtirildi. Xalqimiz o‘rtasida “Ustoz otangdek ulug‘”, – deya ta’rif  beriladi. Haqiqatda ustozlarimiz ota-onalarimizdek aziz va jonkuyar, mehribon va sevimlidirlar. Biror kasb egasi yo‘qki, ularning tarbiyasida bo‘lmagan, mehr bulog‘idan suv ichmagan. Dono xalqimiz bejizga “Ustoz ko‘rmagan, har maqomga yo‘rg‘alar”,- deya ta’kidlaydi. Shu bois, barcha kasb egalari borki, ustozlar ta’lim-tarbiyasini olgan va ulkan cho‘qqilarni zabt etishgan.  Xorra Shafikova bilan suhbat jarayonida Toshkent farmatsevtika institutida tahsil jarayonida o‘z davrining etuk mutaxassislari A.I.Gengrinovich, K.G.Ioffe, Z.E.Manulkin, Z.M.Umanskiy, R.L.Xazanovichlar dars berganligini eslab, ularning faoliyati  va pedagogik mahoratlari, talaba – ustoz munosabatlari yodga olindi.

     

     

Har bir davrda inson o‘zi ta’lim olgan maskaniga o‘zgacha mehr-muhabbat ila yodga oladi. Bu dargohda inson o‘z hayotining unutilmas onlarini kechirish asnosida, o‘z sohasining yetuk mutaxassis bo‘lish ishtiyoqi bilan yonib yashaydi. Biz so‘z yuritgan institutning birinchi bitiruvchilaridan bo‘lgan Xorra Shafikova ham mana shu tuyg‘ular og‘ushida o‘z yoshlik onlarini, talabalik fursatlarini yod etdi. Biz ular bilan suhbatlashar ekanmiz, institutning birinchi bitiruvchisi hamda mazkur dargohni tashkil etilishi, ustozlari va faoliyati bilan yanada yaqindan tanishdik.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Farzandlarimizni mustaqil fikrli, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, mustahkam hayotiy pozitsiyaga ega chinakam vatanparvar insonlar sifatida tarbiyalash biz uchun dolzarb ahamiyatga ega”. Haqiqatda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz asosida tarbiyalash tarixiy xotirasiz bo‘lmaydi. Zero, “Tarixiy xotirasiz – kelajak yo‘q”.

Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i  N.S.Salimsakova,

Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi uslubchisi  N.X.Ashurova