SOYA HAQIDA NIMA BILASIZ?

10.04.2018, 11:54 Institut yangiliklari, Yangiliklar 409

Insonning sog‘lom bo‘lishi, normal hayot kechirishi va ishlash faoliyati uchun zarur bo‘lgan asosiy faktorlardan biri yaxshi va sifatli ovqatlanishdir. Busiz odamlarning mustahkam salomatligini faraz qilish ham qiyin.

Lekin yaxshi va sifatli ovqatlanishni hamma bir xil to‘g‘ri tushunavermaydi. Nima uchundir ko‘pchilik iloji boricha kundalik ovqat tarkibini asosan oqsil (go‘sht va go‘sht mahsulotlari), yog‘ hamda uglevodlar (xamirli taomlar) dan tuzishga xarakat qiladilar. Ayni vaqtda organizm uchun zarur va foydali ovqatlanishning asosiy shartlaridan biri bo‘lgan sabzavot va ho‘l mevalarga etarli ahamiyat berilmaydi, ular kechirib bo‘lmaydigan darajada e’tiborsiz qoldiriladi. Odamlarning sifatli va to‘g‘ri ovqatlanishini sabzavotsiz, meva va ziravor o‘simliklarsiz tasavvur qilish qiyin.

     

Soya – Soya jestkovolosistaya – Glycina hispida (Much.) Max

Soyaning vatani Hindiston va Xitoy xisoblanadi. Oqsil va moyga boy mahsulot sifatida yer yuzida keng miqyosida o‘stiriladi. Soya asosan Uzoq Sharqda hamda Gruziya, Moldova, Stavrapol o‘lkasi, Ukrainada, ba’zan O‘zbekistonda ham o‘stiriladi.

Soya Burchoqdoshlar (Dukkakdoshlar) oilasiga mansub bir yillik o‘t o‘simlik. Poyasi tik o‘suvchi, shoxlangan, balandligi 30–70 sm. Barglari uch bo‘lakli (bargchalari yirik, tuxumsimon) murakkab bo‘lib, poya va shoxlarida uzun bandi yordamida ketma-ket o‘rnashgan. Mayda, oq yoki binafsha rangli (ba’zan qizil rangli), besh bo‘lakli (kapalakguldoshlar oilasiga xos tuzilgan) gullari barg qo‘ltig‘idan o‘sib chiqqan shingil gulto‘plamiga joylashgan. Mevasi 1–4 urug‘li dukkak.

Iyul-avgust oylarida gullaydi, avgust-sentyabrda mevasi etiladi.

Ovqatga soyaning yetilib pishgan urug‘i, undan olingan moy hamda yetilib pishmagan, dumbul xolidagi mevasi – dukkagi ishlatiladi. Soya ovqatga ko‘p ishlatiladigan, to‘yimli hamda juda foydali o‘simlik. Urug‘idan un va krupa (yorma) qilinadi, moy va oqsil olinadi. Bu mahsulotlardan sut, tvorog, sirok, kolbasa, non, pechene, keks, konfet, shokoladlar, kofe, turli souslar, konservalar, makaronlar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlashda foydalaniladi. Dumbul holidagi dukkaklaridan tayyorlangan konserva juda foydali, to‘yimli va juda yoqimli mahsulotdir.

Soya urug‘i tarkibida 17–25 % moy, 30–45 % oqsil, qandlar, organik (olma va boshqa) kislotalar, vitamin V1, V2 S, E va K, provitamin D, karotin, izoflavon glikozidlar (genistin va boshqalar), mineral (kaliy, magniy, kalsiy, fosfor, temir, mis, marganets, rux, nikel, kobalt va boshqa elementlar tuzi) va boshqa moddalar bo‘ladi. Urug‘ini oqsil moddasining 80–90%i yuqori sifatli o‘simlik oqsilidan iborat bo‘lib, uning tarkibida hayot uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, almashtirib bo‘lmaydigan hamma aminokislotalar (arginin, gistidin, lizin, triftofan, fenilalanin, metionin, treonin, leysin, izoleysin, valin) kiradilar.

Soya urug‘idan tayyorlangan sut o‘zini ozuqaligi va to‘yimliligi, organizmda hazm bo‘lishi, fizik xossalari va ko‘rinishi bo‘yicha sigir sutidan farq qilmaydi. Uni me’da yara kasalligida, me’da shirasi ko‘p ajralish (gipersekretsiya) hollarida, qorin tifi, og‘ir (keskin) o‘tadigan va surunkali yuqumli kasalliklarda iste’mol qilishga tavsiya qilinadi. Me’dani gipersekretsiyasida soya suti sigir sutidan ko‘proq foydali ekan. Chunki u sigir sutiga nisbatan me’da shirasini kamroq ajralishiga olib kelar ekan. Soya suti va undan olingan boshqa sut mahsulotlari hamda urug‘ uni (soya uni) yana qand (diabet) kasalligini davolashda ishlatiladi.

Qand (diabet) va nur kasalliklarini davolash hamda markaziy asab tizimini (sistemasini) stimullash (qo‘zg‘atish) uchun meditsinada ishlatiladigan ba’zi dorivor preparatlarni olishda soyadan mahsulot sifatida foydalaniladi.

Soyaning urug‘idan Uoker shishi (rak shishini bir turi) ni hosil bo‘lishini, uni hajmini va massasini o‘sishdan to‘htatuvchi va xatto kichik qiluvchi ta’sirga ega bo‘lgan fitogemagglyutinin (lektin) ajratib olingan. Fitogemagglyutinin bunday ta’siri hozircha hayvonlarda o‘tkazilgan tajribadan aniqlangan.

      

Tayyorladi: Toshkent farmatsevtika instituti

Farmakognoziya kafedrasi dotsenti M.A.Xodjayeva