Saidrizo Alizoda kim bo‘lgan?

30.03.2017, 10:24 Institut yangiliklari, Yangiliklar 680

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ta’lim va fan, yoshlar siyosati, madaniyati, axborot tizimlari va telekomunikatsiya masalalari kompleksi majlisining   Saidrizo Alizodaning 130 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 2017 yil 20 fevraldagi 22-son bayoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 3 martdagi 115-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida “Ma’naviyat kuni”, “Kitobxonlar bayrami” tadbiri doirasida 2017 yil 28 mart kuni soat 14-00da institut ARMda ma’rifatparvar olim Saidrizo Alizodaning hayoti va faoliyati haqida tadbir bo‘lib o‘tdi.Tadbirda farmatsiya fakulteti 2-3 kurs talabalri ishtirok etishdi.

Tadbirda Ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi boshlig‘i N.S.Salimsakova,  ARM mudiri F.N.Xolmuratova, tillar kafedrasi mudiri S.M.To‘ychievalar O‘rta Osiyoda  ma’rifatparvarlik harakati – jadidchilikni  vujudga  kelishi hamda ma’rifatparvar inson, jurnalistika asoschilaridan biri Saidrizo Alizoda haqida  ma’ruzalar  bilan ishtirok etdilar.U haqida quyidagi ma’lumotlar keltirildi:

Saidrizo Alizoda 1887 yil 15 fevralda Samarqandda tavallud topgan. Otasi hoji mir Maxsum eronlik bo‘lib, 1882 yilda Xurosondan Buxoroga, so‘ngroq Samarqandga ko‘chib kelgan. Saidrizo Alizoda olti yil Samarqandda madrasa tahsilini olgan, bir muddat otasiga gilam sotishda yordamlashib turgan, bir rus zobiti bilan tanishib qolib, uning maslahati, ko‘magi bilan Demurov bosmaxonasiga harf teruvchi bo‘lib ishga kirgan, xuddi shu kasb uni matbuotga oshno qilgan, unga bir umr sodiq qolgan. Saidrizo Alizoda o‘zbek, tojik, rus tillarida matbuotga xat, maqolalar yozib turadi, «Samarqand» gazetasi, «Oyina» jurnalida Behbudiyning yaqin hamkori bo‘ladi,  «Telegraf xabarlari» nomli varaqani o‘zbek tilida o‘z hisobidan chiqaradi (1914), «Sharq» gazetasiga muharrirlik, «Hurriyat» gazetasida tarjimon va muxbirlik (1917), 1922 yildan «Zarafshon» gazetasida bo‘limga mudirlik qiladi, «Ovozi tojik» gazetasi asoschilaridan biri bo‘ladi, unga mas’ul kotiblik qiladi. 1919 yili o‘sha davr ruhiga mos «Sharq mash’ali» nomida haftalik jurnal tashkil etadi va uni boshqaradi. Forsi va tojik tillarida nashr etilgan, adadi 4 ming nusxaga yaqin bo‘lgan ushbu jurnal O‘rta Osiyo, Kavkazortidan tashqari, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston, bir qancha arab mamlakatlariga tarqalgan edi.

     

Samarqandda kambag‘al dehqon farzandlari uchun maktab ochib, muallimlik qiladi, «Sarfi arab», «Turkiy alifbo», «Tarix», «Jug‘rofiya», «Riyoziyot», «Xandasa», «Tabiat», «Din vojiblari», «Nizomnoma», «Badan tarbiyasi», «Ilmi fazo» nomli o‘n bitta darslik tuzadi; o‘zbek maktablari uchun  «Birinchi yil» nomli alifbo yozib, bepul tarqatadi, tojik tilida «Sarf va nahv» (1924), o‘zbek tilida «Hosilot» (1926) kitoblarini yozib chop ettiradi, Samarqandda yashaydigan ruslar uchun kechki kurslar ochib, o‘zbek va fors-tojik tillari o‘qitadi,  mutafakkir Abdulla SHoiq bilan yangi ozarbayjon alifbosini tuzadi, 2 jildlik ruscha-tojikcha lug‘at tuzib (1933-1934) nashr ettiradi, 1933-1937 yillarda SamDUda arab va fors tillaridan o‘qituvchilik qiladi, Hamid Olimjon, O‘tkir Rashid kabi shoirlarga dars beradi, jurnalist Sharof Rashidov, faylasuf Ibrohim Mo‘minovlar bilan muloqotda bo‘ladi. Lohurdan mehmon bo‘lib kelgan Mirmuhammad Garmoni Afg‘on degan noshirni bir necha kun mehmon qilib, unga «Marosilot», «Turkiston tarixi», «Rusiya tarixi»,»Umumiy evropa tarixi», «Islom tarixi», «Islom aqidalari», «Fazo ilmi» kitoblarini, «Saodat asri» nomli romani va tarjima  asarlarini ishonib topshiradi. S. Alizoda «Kapitan qizi», «Boris Godunov», «Dubrovskiy», «Evgeniy Onegin», «Tirilish», «Revizor», «Ochilgan qo‘riq», «Sement», «Po‘lat qanday toblandi» asarlarini ruschadan o‘zbek, fors, tojik tillariga o‘giradi,  fransuzchadan Moler, Mopassan, inglizchadan Epton asarlari tarjimasiga qo‘l uradi. (Qur’oni karimning ayrim oyatlarini farangi tilga o‘girgani haqida ham ma’lumotlar bor). Ibn Sino, Firdavsiy, Nizomiy, Fuzuliy, Navoiy asarlaridan rus tiliga tarjimalari ham tahsinga loyiq ish edi.

Saidrizo Alizoda 1937 yil dekabrida siyosiy chaquv natijasida hibsga olinadi, 8 yil Samarqand-Toshkent-Tobolsk-Vladimir turmalarida o‘tirib, 1945 yil 24 dekabrida sil kasaldan vafot etadi.

Samarqandda Saidrizo Alizoda nomni abadiylashtirish maqsadida maktab hamda ko‘chaga nomi berilib, uylari muzeyga aylantirilgan.Uy-muzey nafaqat respublika hamda tojikistonlik mehmonlar tomonidan balki Eron, Germaniya, Rossiya, Fransiya, Yaponiya, Angliya va Amerika kabi davlatladan kelgan mehmonlar tomonidan ziyorat qilinadi.