QUTLOV !!!

08.03.2018, 13:35 Institut yangiliklari, Yangiliklar 501

Hurmatli institutimizning latofatli ayol professor-o‘qituvchilari, ishchi xodimalari hamda go‘zal talaba qizlari, Sizlarni institutdagi barcha erkak professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talaba yigitlari nomidan 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor samimiy muborakbod etamiz.

Sizlarga mustahkam sog‘lik-salomatlik, baxt-saodat, tinchlik –xotirjamlik, faoliyatingizga ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

 

O‘ZBEK ONASI

Mushtipar ham o‘zing, buyuk ham o‘zing,

Kuyinchak ham o‘zing, kuyuk ham o‘zing.

Olamga tatirlik suyuk ham o‘zing,

Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Seni To‘maris deb, maqtaganim bor,

Sen Temur beshigin tebratgan bedor,

Sensan Bibixonim, Nodirai zor,

Payti keldi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Vatanni Ona deb bekor aytilmas,

 Ona buyurganda yo‘ldan qaytilmas,

Sen o‘zing Ka’bamsan, Baytul muqaddas,

Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Boshingdan nimalar o‘tmadi axir,

Vatandek taqdiring bo‘ldi goh taxir,

Bobur shoh bo‘lsada, qoshingda faqir,

Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Gohida balqiding Barchindek to‘lib,

G‘o‘zadek quriding Tursunoy bo‘lib,

Timsoling yalovda yulduzdek kulib,

Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Farzanding quvonsa — sen ham quvonding,

Faqat bolam deding, yashading, yonding,

Nokasi uchrasa, o‘rtanding, tonding,

Payt kedi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Kelajak toychog‘u toyingizdadir,

Jannat ham, albatta, poyingizdadir,

Vatan-ku Siz turgan joyingizdadir,

Payt keldi, aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Sizga ta’zim qilib turibman bu payt,

Sizga baxshidadir eng shohona bayt,

Aziz elu yurtga duolaring ayt,

Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Abdulla Oripov

 

BAYRAMINGIZ BILAN TABRIKLAYMIZ AZIZ AYOLLAR!