“Po‘lat Qirg‘izbaevich Xabibullaev – davlat va jamoat arbobi”

02.06.2017, 16:17 Institut yangiliklari, Yangiliklar, Без рубрики 1266

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 maydagi 551-f-sonli farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasini, yangi yo‘nalishda ilmiy maktablar yaratganligini e’tiborga olgan holda, akademik, davlat va jamoat arbobi Po‘lat Qirg‘izbaevich Xabibullaevning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent farmatsevtika instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida 2017 yil 2 iyun kuni  soat 14-00 da institut faollar zalida Po‘lat Qirg‘izbaevich Xabibullaev – davlat va jamoat arbobi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

     

     

Tadbirda Xabibullaeva Elyanora Raxmatjonovna, Xabibullaeva Dilnoza Po‘latovna, institut xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Y.Saidova, fakultet dekanlari va dekan muovinlari, professor-o‘qituvchilar, “Kamolot” YOIH BT faollari, talaba-yoshlar ishtirok etdi. Jami ishtirokchilar soni 250 nafarni tashkil etdi.

Jahonga tanilgan fizik olim


Po‘lat Qirg‘izbaevich Xabibullaev 1955-1960 yillari O‘rta Osiyo davlat universitetini (xozirgi O‘zMU) fizika ixtisosligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Jahonga tanilgan fizik olim, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti sovrindori, fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, Rossiya Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, ko‘plab xorijiy mamlakatlarning akademigi, «O‘zbekiston fizika jurnali»ning bosh muharriri, bir qator jurnallarning xay’at azosi bo‘lib ishlagan. 1990 yillardan boshlab optika va spektroskopiya ilmiy yo‘nalishiga raxbarlik qilgan. Optika yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqot ishlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Issiqlik fizikasi bo‘limi olimlari bilan xamkorlikda olib borilgan.

Akademik P.Q.Xabibullaevning optika, zamonaviy akustika, siqilgan muhitlarni issiqlik fizikasi va lazer materialshunosligi sohalari bo‘yicha yaratgan ilmiy maktabi jahon fani tomonidan e’tirof etilgan.

1960-1970 yillardan boshlab, dotsent B.M.Nosenko rahbarligida universitetda optika va spektroskopiya sohasida ilmiy maktab shakllantirilib, elektromagnit nurlanishlarining muhitlar bilan o‘zaro ta’sirlashuv qonuniyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan keng ko‘lamli ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Bu sohadagi ilmiy tadqiqot ishlari uchta ilmiy yo‘nalishda rivojlandi: lyuminessensiya; molekulyar optika; amaliy spektroskopiya.

Ushbu ilmiy yo‘nalishlarning rivojlantirilishiga asosiy sabab ilmiy tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga tadbiq etish bilan bog‘liq bo‘lib, lyuminessent yorug‘lik manbalarini yaratish, moddalardagi elementlar tarkibini va uning miqdorini aniqlash ustida ish olib borildi. Bu tadqiqotlar tibbiyot, farmakologiya va geologiya fanlari rivojlanishida katta axamiyatga ega bo‘ldi.

Akademik P.Q.Xabibullaevning ilmiy-tadqiqot sohasidagi faoliyatining natijalari 500 dan ortiq ilmiy maqolalar va 13 ta monografiyalarda o‘z aksini topgan. 30 ta fan doktori va 150 dan ortiq fan nomzodlari tayyorlagan.

Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimi

A.U.Abduraimova