“Ozodalik ostonadan boshlanar”

10.03.2018, 18:27 Institut yangiliklari, Yangiliklar 418

Yuragida  g‘ubor, ko‘nglida gard yo‘q insonning og‘ir dardi ham bo‘lmaydi. O‘z ko‘ngil uyini ozoda, pok, toza saqlay olgan odamning hayoti ham ana shunday go‘zal o‘tadi. Zero qalb munavvarligi oydin hayot, obod turmush, ozoda uy bilan chambarchas bog‘liq…

Xalqimiz azal-azaldan tozalikni qadrlab, poklikni aziz tutib yashaydi. O‘z hovlisini chinnidek saqlab, ko‘chasiga e’tibor bilan qaraydi. Mahallasining har burchagiga gul ekib, yurtini obod makonga aylantirish umidi bilan yashayotgan odamlar ham bizning xalqimizdir. Yuragi toza insonlarning niyati hamisha ijobatdir. Tozalik bor joyda fayz-barokot bo‘lishligini ota-bobolarimiz ko‘p bora ta’kidlaganlar. Mana shu niyatda ta’lim muassasalalarida tahsil olayotgan yoshlarni tarbiyalash, o‘z ta’lim muassassiga mehr qo‘yishlari, har bir qarichini ko‘z qorachig‘idek asrashlari, toza va ozoda saqlashlariga erishish yo‘lida pedagog-xodimlar targ‘ibot ishlarini olib borishmoqda. Bu kabi targ‘ibot ishlari natijasida talabalar o‘rtasida ozodalilik, poklik singari tuyg‘ularning shakllanishiga erishildi. Jumladan, 2018-yil 10-mart kuni Toshkent farmatsevtika instituti talabalar turar joyida yashovchi talabalar o‘rtasida “Ozodalik ostonadan boshlanar” shiori ostida tozalik ishlari olib borildi. Tadbir jarayonida talabalar turar joyining barcha xonalari va hududlarida tozalash hamda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Tozalash ishlariga barcha talabalar jalb etildi. Shuningdek, tozalash ishlarida Talabalar turar joyi mutasaddisi B.A.Abduraxmonov, Talabalar turar joyi kengashi raisi Farruh Nomozov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi institut BT yetakchilari faol ishtirok etib, talabalar o‘rtasida ozodalik, saramjon-sarishtalilik singari xalqimiz qon-qoniga singib ulgurgan ana’analarimiz ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratildi. Hamda talabalar o‘rtasida o‘zgalar mehnatini qadrlash, ardoqlash singari fazilatlarni kamol toptirishga poydevor bo‘la oldi.

     

     

     

Shu o‘rinda qalbingiz toza tuyg‘ular bilan munavvar bo‘lsin, dilingizga g‘ubor qo‘nmasin, umringiz eng yorug‘ nurlardan ziyolansin degimiz keldi. Shu aziz Vatan koriga yarash, shu muqqadas xalqqa xizmat qilish, pokdomon odamlarning olqishiga erishmoqlik hammamizga nasib etsin.

Nigora ASHUROVA

Ma’naviyat va ma’rifat

bo‘limi uslubchisi

Institut veb-saytiga va OAVsiga taqdim etiladi.