“Navro‘z – umid va orzular fasli”

22.03.2017, 16:09 E'lonlar 458

Bahor orzularning ro‘yobiga, ezguliklarga ertangi kunga ishonch fasli. Shundanmi,ko‘klamning tashrifi bilan odamlarning ko‘ngil tubida yashayotgan eng go‘zal orzu-umidlari chehralarida ham aks etadi. Lablarda o‘zgacha tabassum, ko‘zlarda o‘t, yaxshi kayfiyat paydo bo‘ladi. Tabiat yashnagan sari qizu ayollarning chehralari ham yashnab boradi Bahoriy yaxshi kayfiyat  yuqumli bo‘ladi: bir kishining labidagi tabassum beixtiyor hamrohiga, undan yana boshqalarga o‘tadi. Qarabsizki,chor-atrof bahoriy yaxshi kayfiyat yayrab-yashnaydi.Balki chehralarning gulgun yashnashi, ko‘ngildagi orzu umidlar tabiatning rangin manzarasidan suv ichib, kuch olishga guvoh bo‘lish uchun ham bahorni intiqib ko‘tarmiz.

Ha, rost, bahor insoning yashashiga kuch, vujudiga g‘ayrat, qalbiga ilhom bag‘ishlaydi. Qishning sovuq kunlarida mudrab charchagan jismini uyg‘otadi, tan bilan birga mudray boshlagan ruhini sergak torttiradi. Borliqni uyg‘otadi. Oq-qora ranglardan zerikkan tabiatga rang sochib, kamalakday tovlanishga undaydi. Daraxtlarning shoxlariga bir-biridan iforli, bir-biridan betakror gullarni taqadi. Qiz-ayollarning o‘zlari ham guldek ochilib yursa, zangori osmonda bahorning iliq quyoshi huzurbaxsh nurlarini sochsa barra maysalardan hayotning isi ufursa…

Bahor ana shunday kayfiyatbaxsh, yana shunday jonbaxsh!

Ko‘klam Navro‘z keldi degani.Borliqdagi hamma jonsiz va jonli xilqat Navro‘zning shunchaki bayram emas, balki yangi kun, yangi yilning, ezguliklar, rizq-ro‘z, qut-barakaning, dehqonchilik yilining boshidir.

Navro‘zni Sharq xalqlari qadimdan muqaddas bilib, zo‘r tantalar bilan bayram qilishgan. Keksalarni ziyorat qilish, bemorlar holidan xabar olish, etim-esirlarga xayr-sadaqa qilib, yaqinlarga quvonch va hadyalar ulashish bayram urf-odatlaridan, xalqimizga xos chiroyli an’analardan sanaladi.

Bu kunda arazlashganlar ham gina-kuduratlarini unutib, bir-birlariga chiroyli tilaklar bildirishadi, uzoq umr va yaxshiliklar tilashadi. Bunday urf-odatlar odamlar o‘rtasidagi oqibat, insoniylik, mehr-shafqat singari oliyjanob tuyg‘ularning shakllanishiga imkon beradi. Yurtimizda Navro‘z keng nishonlanadi. Odamlar oilaviy Navro‘z sayliga chiqishadi. Katta doshqozonlarda sumalak, halim singari bahor taomlari pishiriladi, ayollar ko‘k somsayu ko‘k chuchvara bilan yaqinlarini siylashga, qo‘shiqda “Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim” deb kuylanganligi kabi ko‘klamning ko‘klaridan bahramand bo‘lib qolishga urinishadi, shu kunlarga etkazgani uchun Yaratganga hamdu sanolar aytishadi.

Vatanimizda Navro‘z taomlarini xush ko‘rmaydigan odam topilmasa kerak. Butun oila jam bo‘lib, katta qozonni osib, sumalak pishirishning gashtini yurtdoshlarimiz yaxshi bilishadi. Hech nima buning zavqiga teng kelmaydi. Bolalarning quvonchini aytmaysizmi! Ular kulib-yayrab sumalakka solinadigan toshlarni terishadi, ixlos bilan qozonga solishadi. Qozon kavlayotgan ko‘ngildagi eng ezgu tilaklarini aytib, duo qilishadi, duolarini ijobat bo‘lishiga shubha qilishmaydi. Qolaversa, sumalak toshlarida qandaydir mo‘‘jizaviy xislat yashiringaniga, uni asrab yurgan odamga omad hamroh bo‘lishiga ishonishadi. Bu ishonchning zamirida ham umid bor, ezgulik bor! Shunday ezgu tilaklar bilan pishirilgan taomning mazasi og‘izda qolmaydimi, albatta qoladi: sumalakni odam zavqlanib, o‘zgacha kayfiyatda tanovul qiladi. Sumalak bahona-diydor g‘animat.