“Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzularidagi tanlov.

13.04.2017, 11:55 Institut yangiliklari, Yangiliklar 458

NIZOM

 I.Umumiy qoidalar

1.1. Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi YOshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti majlisining 2017 yil 4 fevraldagi 12-sonli bayoni bilan tasdiqlangan Dasturning  51-bandida belgilangan vazifalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 17 martdagi 146-sonli  buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etiladi.

1.2. “Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzularidagi tanlovga  institutda tahsil olayotgan talabalar o‘zlarining ijodiy ishlari bilan ishtirok etadi.

1.3.Tanlov  “Eng yaxshi maqola” yo‘nalishida o‘tkaziladi.

1.4.Tanlovning institut bosqichlarini tashkil etish va o‘tkazish jarayoni institutning Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.

 

II.Tanlovning maqsadi va vazifalari

2.1. Tanlovning asosiy maqsadi – talaba-yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorligini ta’minlash, ularni turli ekstremistik oqimlarga qo‘shilib ketishining oldini olish, institutda talaba-yoshlarni dunyoviylik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish, yoshlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, o‘z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda mustaqil va erkin fikrga ega iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

2.2.Tanlovning vazifalari quyidagilardan iborat:

– talaba-yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorligini ta’minlash, ularni turli ekstremistik oqimlarga qo‘shilib ketishining oldini olish;

– institutda talaba-yoshlarni dunyoviylik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish;

– talaba-yoshlarni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, o‘z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda mustaqil  va erkin fikrga ega iste’dodli yoshlarni har tomonlama rivojlantirish;

– yoshlarda yot ta’sirlarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish;

– chora-tadbirlar Dasturining mazmun-mohiyati targ‘iboti ta’sirchanligini oshirish;

– yosh avlodni har tomonlama etuk, yuksak ma’naviyatli, intellektual salohiyatli, ota-onasiga, Vataniga sadoqatli insonlar qilib tarbiyalash;

– “Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzularidagi talabalarning ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka etkazish.

 

 III.Tanlovni o‘tkazish bosqichi va muddatlari

3.1. “Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?”, “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzularidagi tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqich – institutning fakultetlari akademik guruhlari talabalari o‘rtasida joriy yil aprel oyining birinchi o‘n kunligida  o‘tkaziladi (tanlovning ilk bosqichi barcha kurslarning akademik guruhlarida o‘tkazilishi shart).

Ikkinchi bosqich – institut miqyosida fakultetlararo ularnnig g‘oliblari o‘rtasida may oyining birinchi o‘n kunligida  o‘tkaziladi.

Uchinchi bosqich (yakuniy) – respublika  oliy ta’lim muassasalari g‘oliblari o‘rtasida joriy yil may oyining uchinchi o‘n kunligida o‘tkaziladi.

IV.Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish

4.1. Tanlovning birinchi va ikkinchi bosqichini  o‘tkazish bo‘yicha institut rektori buyrug‘i bilan Ishchi guruhi va soha professor-o‘qituvchilari, olimlari, mutaxassislari, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda Hakamlar hay’ati tuziladi.

4.2.Talabalar tomonidan yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlangan ijodiy ishlar fakultetlar va institut kesimida tuzilgan Hakamlar hay’ati tomonidan tanlov shartlari asosida baholanadi.

4.3.Tanlovning uchinchi bosqichini tashkil etish va o‘tkazish Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshida tashkil etilgan vazirlik Tashkiliy qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Tanlovning yakuniy bosqichi g‘oliblarini aniqlash bo‘yicha Hakamlar hay’ati tuziladi. Hay’at tarkibiga soha bo‘yicha etuk mutaxassislar va professor-o‘qituvchilar jalb etiladi.

 

V.Tanlov shartlari va baholash mezonlari

 5.1.Tanlovga taqdim etiladigan maqolalar quyidagi mezonlarda baholanadi:

– mavzuning mazmun-mohiyati to‘laqonli ochib berilganligi;

– ijodiy ishlarning stilistik va grammatik jihatdan to‘g‘ri yozilganligi;

– mavzuni yoritishda adabiyotlardan foydalanilganlik darajasi va tahliliy yondashuvlar, mustaqil fikrlarning aniq bildirilganligi;

– mavzuni yoritishda o‘ziga xos ijodkorlik xususiyatlari ifoda etilganligi;

– mavzuni yoritishda hayotiy misollardan keng foydalanilganligi;

– mavzuga oid dolzarb masalalar, ularning echimlari to‘g‘risida takliflar keltirilganligi.

5.2. Ijodiy ishlarning har bir sharti 10 ballik tizim asosida baholanadi (jami 60 ball).

 

VI.Hujjatlarni taqdim etish tartibi

6.1. Institutda ikkita yo‘nalish bo‘yicha g‘olib bo‘lgan, 1- va 2-o‘rinni egallagan talabalarning hujjatlari (Institut Ishchi guruhi bayonnomasi va qarori, g‘olib bo‘lgan talabaning ijodiy materiallari va 10×15 hajmdagi fotosurati) vazirlik Tashkiliy qo‘mitasiga 2017 yil 20 mayga qadar 2 nusxa yozma, 1 nusxa elektron variantda (tel: (71) 246-28-63, e-mail: mm.markaz@edu.uz)ga taqdim etiladi.

6.2. Tanlovga taqdim etiladigan maqolalar (o‘zbek, rus va ingliz tillarida ham yozilishi mumkin) kompyuter Word dasturida, Times New Roman shriftida 1 intervalda, chapdan 30 mm, o‘ngdan 15 mm, yuqori va pastdan 25 mm joy qoldirgan holda yozilgan bo‘lishi va matnlar ilmiy, texnik, stilistik tahrir qilingan bo‘lishi shart. Maqolalar 10 betdan oshmasligikerak. YOzma materiallarning 1-nusxasida talabalarning  o‘qish joyi, fakulteti, kursi va ta’lim yo‘nalishi to‘liq ko‘rsatiladi. 2-nusxasida o‘qish joyi, fakulteti, kursi va ta’lim yo‘nalishi ko‘rsatilmaydi.

6.3. Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan ijodiy ishlar qabul qilinmaydi.

 

VII.Tanlov g‘oliblarini taqdirlash 

7.1. Tanlovning ikkinchi bosqichida yuqori o‘rinlarni (1-, 2-, 3-) egallagan talabalar institut tomonidan maxsus diplom va quyidagi (har biri alohida, yo‘nalish bo‘yicha) miqdorda moddiy rag‘batlantiriladi:

“Men diniy ekstremizm va terrorizmning tahdidini qanday tushunaman?” mavzusidagi ijodiy ishlar:       

1-o‘rin  –  600 000 ( olti yuz  ming) so‘m;

2-o‘rin  –  500 000 ( besh yuz ming) so‘m;

3-o‘rin  –  400 000 ( to‘rt yuz ming) so‘m.

“Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi ijodiy ishlar:  

1-o‘rin  –  600 000 ( olti yuz  ming) so‘m;

2-o‘rin  –  500 000 ( besh yuz ming) so‘m;

3-o‘rin  –  400 000 ( to‘rt yuz ming) so‘m.