Ilmiy va ilmiy pedogogik kadrlar tayyorlash

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashning samaradorligini oshirish maqsadida institutning mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda istiqbolli rejalar shakllantirish, dissertatsiyalar mavzularini tahlil qilish, katta ilmiy xodim-izlanuvchilak institutini samaradorligini oshirish, tugallangan ilmiy-texnikaviy dasturlar natijalarini sanoat tadbig‘i bo‘yicha ishlar olib borish, ularni innovatsiya loyixalari tanlovi uchun taqdim qilish ilmiy bo‘lim faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-4456 – sonli Farmoni hamda ushbu Farmonga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi 2012 yil 27 iyuldagi PF-4458 Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida instituda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Institutda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimi 365 – sonli qarorda ko‘rsatilgan “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risidagi Nizom” asosida tashkil qilindi. Jumladan, katta ilmiy  xodim-izlanuvchilik va mustaqil izlanuvchilik instituti tashkil etildi va uning faoliyati samaradorligi bo‘lim xodimlari tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.

O‘zR OAKning 22.07.2013 y. 003-I buyrug‘iga ko‘ra ixtisoslashgan kengash 16.07.2013 Far21.01 shifri bilan qayta tashkil qilindi va quyidagi ixtisosliklar bo‘yicha doktorlik dissertatsiyalarining himoyasini o‘tkazishga ruxsat berildi:

15.00.01 – dorilar texnologiyasi va farmatsevtika ishini tashkil etish

15.00.02 – farmatsevtik kimyo va farmakognoziya

14.00.17 – farmakologiya va klinik farmakologiya.

2016 yilda kengash muddati 3 yilga (VII.2016 – VII.2019 yy.) uzaytirildi hamda ilmiy kengash raqami 14.07.2016.Far.21.01 tarzda o‘zgartirildi.

2016 yilga kelib institutning 14 ta kafedrasida jami 221 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatib, ularning 33 nafari professor va fan doktorlari, 97 nafar fan nomzodlari va dotsentlaridir. Bugungi kunda institut ilmiy salohiyati 60 % ni tashkil etadi.

Ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash uchun institut kafedralari etarli ilmiy-tajriba bazasiga ega. Ular zarur asbob-uskunalar, kimyoviy reaktivlar, tajriba hayvonlari, vivariy hamda axborot texnologiyalari bilan to‘la ta’minlangan. Ilmiy kadrlarga zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi, ilmiy-tadqiqot ishlari yuzasidan ilmiy maqolalarni e’lon qilinishi uchun “Farmatsevtika jurnali”, o‘quv markazi va ingliz tilini o‘rganish klublari mavjud.

Bugunga kelib katta ilmiy xodim izlanuvchilar institutida 5 ta, mustaqil izlanuvchilar institutida 16 ta yoshlar ta’lim olishmoqda. 2016 yilda institut xodimlari tomonidan 9 ta doktorlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi.

Bo‘lim xodimlari ilmiy kadrlar tayyorlash borasida katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilar bilan ish olib borishmoqda, ularning adabiyotlar bilan shug‘ullanishi va ilmiy tadqiqotlarni olib borishida amaliy yordam berib kelishmoqda. Muntazam ravishda katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar faoliyatining samarasi monitoring qilib borilmoqda.

 

18.04.2017, 08:36 518