Har kuningiz bayramlarga ulansin AZIZ AYOLLAR!

03.03.2018, 12:28 Institut yangiliklari, Yangiliklar 315

Istiqlol mamlakatimiz xotin-qizlarining jamiyat taraqqiyotida yanada faol ishtirok etishlariga katta imkon yaratdi. Bu kunning ayoli ilmi, iqtidori, iste’dodi va o‘zgacha shiddati bilan dunyoni yana bir karra qoyil qoldirmoqda Ayol! Unda butun olam quvonchi, do‘stga xos fidoyilik, ona jasorati mujassam. Hayo, odob, g‘urur, andisha deb nomlangan fazilatlarning ildizi o‘zbek ayollarining qalbidadir. Oilaviy munosabatlar, farzand tarbiyasi, mehmondo‘stlik, qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlar orasidagi mehr-oqibat, o‘zaro hurmat bularning barchasini ayollarimiz doimo yuqori o‘ringa qo‘yib kelgan. Darhaqiqat, bizning ayollarimizga xos o‘zbekona fazilatlar hech bir mamlakatda yo‘q. Ayolning turli fazilatlari ichra hayo marvaridga o‘xshashdir. Bu marvaridning kadr-qimmatini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganlaridek, “Ayollarni har qancha ulug‘lasak, hayotimizning chirog‘i, umrimizning guli deb e’zozlasak, demakki, oilamizni, vatanimizni e’zozlagan bo‘lamiz”.

Bugungi kun ayoli nafaqat ziyoli, zukko, iqtidorli bo‘lishi balki milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, an’analarimizga sodiq inson bo‘lishi darkor. Mana shu fazilatlar jamlangan ayol bizningcha eng baxtli ayoldir. Jamiyatda o‘z o‘rniga ega, har doim o‘z oilasi, farzandlarining kamolini ko‘rish istagi bilan yonib yashayotgan ayollarga tahsin aytgimiz keladi. Bugungi kunning zamonaviy ayollari jamiyatimizda qanchadan-qancha marralarni zabt etmoqda. Ularning shijoati, matonati, iqtidori oldida lol bo‘lasan kishi. Qadimdan ma’lumki, davlat ishlarida ham ayollarning o‘z-o‘rni va mavqei yuqori bo‘lgan. Bunga misol tariqasida Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiylar yoki Zulfiya… bu kabi ulug‘ zotlarni yana davom ettirishimiz mumkin. Aytmoqchimizki, har bir davrda ham ayolning o‘z o‘rni va o‘z mavqeyi bor. Ayniqsa, mustaqillik yillaridan so‘ng xotin-qizlarning haq-huquqlariga, jamiyatda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishlariga alohida e’tibor qaratildi.

E’tibor bersangiz bugungi kunda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ayollar, ya’ni zamonaviy ayollar nafaqat ishda, oilada, farzand tarbiyasi, mahalla, ota-onalarining xizmatlarini qilishlari, ularning zimmalarida bir qator yumushlar yuklatilgan bo‘lsada ularni chin dildan, sadoqat va mas’uliyat bilan yondoshishlarini ko‘rib tahsin aytging keladi. Ko‘cha kuyda yurganimizda ham o‘zgalarga o‘rnak bo‘lish darajasida, odob-axloq, sharm-xayo, ibo singari fazilatlarni o‘zida jo qilgan, yurish turishi insonda xavas tuyg‘ularini uyg‘otadigan ayollarni ko‘rganimizda ularga xavas ko‘zi ila boqasan kishi. Zero o‘zbekning ayoli mana shunday fazilatlar sohibasi ekanligini butun dunyoga jar solging keladi.  Oramizda shunday ayollar borki nafaqat oilada balki mahallada, umuman jamiyatda o‘z o‘rni ega, o‘zgalar mushkulini oson qilish, yurt koriga yarab kelayotgan opa-singillarimiz bilan bir bora suhbat qurganimizda, yana shu ayolning suhbatidan bahramand bo‘lishga intilasiz. Haqiatda bu kabi ayollarning nafaqat so‘zlari qalblarga yaqin, maqsadlari ham faqat ezgulik. Ezgulikni o‘ziga shior qilib olgan insonlar hamisha el ardog‘ida, yaqinlar mehr-muhabbatidan bahramand bo‘lib yashashadi. Bu kabi baxtli lahzalarni barcha ayollarga tilagan holda, SIZ AZIZ VA MO‘‘TABAR zot ekanligingizni yana bir bor ta’kidlagimiz keldi. Bayramingiz muborak aziz ayollar!

Nigora Ashurova

Toshkent farmatsevtika instituti

Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi uslubchisi