HAR KUNIMIZ NAVRO‘Z BO‘LSIN!

15.03.2018, 19:57 Institut yangiliklari, Yangiliklar 621

Yurtimizga bahor kelib, butun borliq jonlandi. Quyoshning hayotbaxsh taftidan daraxtlarda kurtaklar uyg‘ondi. Qir-adirlarda maysalar ko‘kka bo‘y cho‘zib, qurt-qumursqalar harakatga kelib qoldi. Bahor havosidan qalblarga tarovat, iliqlik yugurmoqda. Yangilanish, yasharish fasli boshlandi. Ana shunday shukuhli kunlarda yurtimizda Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlanadi. Umuman, Navro‘z asrlar mobaynida biz uchun ezgulik timsoli, inson qalbida yorug‘ orzu-umidlar kurtak ochadigan fasl bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolajak.

Navro‘z – uyg‘onish fasli, hayot bayrami, milliy odat va qadriyatlarimizning eng oliy timsolidir. Navro‘z hayot abadiyligining, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, shu bilan birga, necha ming yillik urf-odatlarimizning, qadriyatlarimizning mangulik ifodasi, tasdig‘idir. Navro‘z ayyomining hayotbaxsh ruhi umumbashariy qadriyatlarga hamohangdir. Shu bois, u mamlakatimizdagi barcha millat va elat vakillarining, yoshu qari barcha insonlarning umumiy shodiyonasiga aylangani bejiz emas.

Navro‘z – (forscha yangi kun) Osiyo, O‘rta Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlarning qadimiy an’anaviy bayrami. 21-mart shamsiy taqvim hisobida yilning birinchi kuni bo‘lib, bahorgi kun va tunning tengligiga, ya’ni 21-22 martga to‘g‘ri keladi. Ko‘plab tarixiy manbalarda keltirilishicha, Nav­ro‘zni bayram sifatida nishonlash ahamoniylar davri (miloddan avvalgi VI–V asrlar)dan boshlangan.

Navro‘z biron bir sanani nishonlash emas. U tabiatning o‘zidan kelib chiqqan bayramdir. Shu bois Sharqda dehqonlar ham, chorvadoru hunarmandlar ham uzoq qishdan so‘ng ko‘kda quyoshning yuz ko‘rsatishi, qirda maysa-giyohlarning nish urib chiqishini bayram qilishgan.

Navro‘z qadim zamonlardan bizgacha yetib kelgan milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lib, u baynalmilal bayramdir. Zamirida ota-bobolarimizning mifologik tasavvurlaridan tortib bugungi zamondoshlarimizning qarashlarigacha bo‘lgan ma’naviyatni sing­dirgan Navro‘z insoniyat madaniy taraqqiyotining har bir yutug‘idan doimo kuch va quvvat olib turgan.