Tel: (+99871) 256-37-38
~ ~
Farmatsevtlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti tarixi

O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1967-yil 6-maydagi 211-sonli qaroriga binoan 1969-yil mart oyidan boshlab, Toshkent Farmatsevtika instituti qoshida provizorlar malakasini oshirish fakulteti (PMOF) tashkil etildi.

Fakultet dekanlari shajarasi
  • 1967-1971 yillar – farmatsevtika fanlari nomzodi, dotsent T.M.Abralov;
  • 1972-1984 yillar – dotsent N.M.Axmedxodjayeva;
  • 1985-1986 yillar – professor E.R.Toshmuhamedov;
  • 1987-1995 yillar – dotsent O.V.Bondarenko;
  • 1995-2004 yillar – dotsent R.Z.Ziyayev;
  • 2004-2011 yillar – professor M.M.Miralimov;
  • 2011-2018 yillar – farmatsevtika fanlari doktori, professor X.S.Zaynutdinov;

PMOF tinglovchilariga yuqori malakali professor-o‘qituvchilar dars berganlar. Jumladan, Farmatsiya ishini tashkil qilish fanidan professor E.R.Toshmuhamedov, dotsentlar: T.M.Abralov, V.A.Zaxarov, R.Z.Ziyayev, M.T.Radjabov, O.V.Bondarenko, O.X. Xonxodjaev, M.Ya.Stepanova, A.A.Karakozova, texnologiyadan professor Z.M.Umanskiy, dotsentlar T.K.Kasimova, E.A.Yudovich, A.Sh.Xamzina, Z.N.Nazirov; farmatsevtik kimyodan dotsentlar Yo.Q.Qodirov, A.Yu.Ibodov, E.A.Puchinyan, L.A.Xabibullayeva, N.F.Drebensova, N.M.Axmadxodjaeva; farmakologiyadan professor M.N.Maxsumov, dotsent B.X.Xodjayev; farmakognoziyadan professorlar R.L.Xazanovich, T.P.Pulatova, dotsentlar A.YA.Ibragimov, N. Alimxodjaeva, K.K. Yunusova, I.A.Xarlamov; toksikologik kimyodan professor L.T.Ikromov, dotsentlar B.O.Olimxonov, A.Yu.Toshpulatov, T.M.Mirxaitov va boshqalar dars berganlar.

Ulardan keyingi davrda fakultetda tinglovchilarga professorlar M.M.Miralimov, X.M.Yunusova, X.U.Aliyev va O.O.Abidov, dotsentlar A.M.Komilov, M.M.Malikov, A.Q.Ganiyev, M.X.Nurmuxamedova, G.S.Yusupova, X.K.Abdullayeva, O.M.Ernazarov, X.Q.Olimov, katta o‘qituvchilar Sh.Sh.Shamsiev, Z.X.Zufarova va boshqalar ta’lim berganlar.

Hozirgi kunda fakultetda professorlar X.S.Zaynutdinov, M.A.Tojiyev, Z.Salixodjayev, dotsentlar A.M.Tuxtayeva, R.T.Tullyaganov, U.J.Akramov, G.M.Ismoilova, N.A.Abduraxmanova, X.K.Bekchanov, U.X.Usmanov hamda katta o‘qituvchilar M.Z.Islamova, va Sh.T.Salyamova, faoliyat ko‘rsatib kelishmoqda. Fakultet faoliyat ko‘rsata boshlaganida to‘rt mutahassislik, ya’ni provizor – tashkilotchi, provizor – texnolog, provizor – analitik va ximik – ekspert mutahassisliklari bo‘yicha malaka oshirish sikllari tashkil etilgan.

1994-yilda qo‘shimcha ravishda «Gomeopatiya dori vositalari texnologiyasi va sifati» sikli (yo‘nalishi) tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 1995-yil 23-oktyabrdagi 501-sonli buyrug‘i provizorlarning malakasini oshirishda katta burilish yasab, unga muvofiq PMOF da 3 ta sikl (yo‘nalishi) tashkil etilgan

      “Dorixona muassasalari iqtisodiyoti va farmatsiyadagi dolzarb muammolar”;

 

      “Dori tayyorlash texnologiyasi”;

 

      “Dori sifatini nazorat qilish”;

 

O‘qish muddati barcha sikl (yo‘nalish)larda bir oy qilib belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 1997-yil 24-iyundagi 302-sonli “Oliy va o‘rta maxsus o‘quv muassasalari o‘qituvchilari malakasini oshirishni yanada takomillashtirish haqida” gi buyrug‘iga binoan institut malaka oshirish fakultetida 2000–2001 o‘quv yili tibbiyot bilim yurti farmatsevtika bo‘limi o‘qituvchilari malakasini oshirish sikli (yo‘nalishi) tashkil etilgan. O‘zR SSV 2001-yil 5-sentyabrdagi 400-sonli «Davolash-profilaktika muassasalari ishini yaxshilash to‘g‘risida» gi buyrug‘ini bajarish maqsadida 2001-yil 27-sentyabrda institutning 128-sonli «Davolash-profilaktika muassasalari dorixonalari xodimlarining malakasini oshirish to‘g‘risida» gi buyrug‘i chiqdi. Shu buyruq asosida PMOF da maxsus «Shifoxona dorixonasi ishini tashkil qilish» sikli (yo‘nalishi) tashkil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2001-yil 19-noyabrdagi 06/283 sonli xatiga binoan institut provizorlar malakasini oshirish fakultetida sud-tibbiyot ekspert kimyogarlari uchun 2001-2002 o‘quv yilidan boshlab “Spetsializatsiya” sikli (yo‘nalishi) tashkil etildi. Malaka oshirish yo‘nalishlari dasturlari 144 soatlik (4 o‘quv xaftasi) hajmida qilib qayta ishlandi. 2006-2007 o‘quv yilida FMOF da «O‘zfarmsanoat» kontserni farmatsevtika korxonalari mutaxassislarining malakasini oshirish sikli (yo‘nalishi) tashkil qilindi. Shu o‘quv yilidan boshlab muntazam ravishda chet ellik mutaxassislarni jalb etgan holda Good manufacturing practice (GMP), Good pharmacy practice (GPP), Good storage practice (GSP) va Good laboratory practice (GLP) standartlari bo‘yicha sikl (yo‘nalish) tashkil qilinib kelinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2010-yil 29-iyunda 2118-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2010-yil 18-iyundagi 191-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalarini tayinlash hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qo‘llash tartibi, shuningdek dorixona muassasalari tomonidan aholiga dori vositalarini retsept asosida berish to‘g‘risida” gi Nizom asosida 2010-yil fakultetda 42 soatlik “Dorixona muassasalaridan aholiga dori vositalarini retsept asosida berish tartib qoidalari” yo‘nalishi tashkil etildi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalarida seminarlar o‘tkazildi.

Shuni ta’kidlash lozimki, amaliy farmatsiya xodimlariga yaqindan yordam berish va fakultet ishini oqilona tashkillashtirish maqsadida 1996-yildan boshlab viloyat “Dori–darmon” AK viloyat bazalari, institut hududiy bazalari va viloyat markazlarida, ko‘chma (sayyor) sikllar tashkil etib kelinmoqda. Ko‘chma (sayyor) sikllarda mashg‘ulotlar qat’iy reja asosida olib borilmoqda. Bozor munosabatlari sharoitida mutaxassislarning malakasini oshirish, kasb mahoratini takomillashtirish, dorixona muassasalari ishini yaxshilash – aholiga sifatli mahsulot etkazib berishda asosiy sifat kafolati bo‘lib kelmoqda.Toshkent farmatsevtika instituti provizorlarni malaka oshirish fakultetida xorijiy mamlakatlarda provizorlar malakasini oshirish fakulteti tajribalaridan kelib chiqqan holda hamda iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni echish maqsadida 1996 yildan boshlab, har o‘quv yilida 5 tadan ko‘chma sikllar tashkil etib kelingan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2005-yil 18-maydagi 226-sonli “Farmatsevt kadrlar malakasini oshirish ishlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan farmatsevt kadrlarning diplomdan keyingi malakasini oshirish bo‘yicha muvaqqat nizom, undagi lavozim nomenklaturalari bilan tasdiqlandi.

Bugungi kunda Farmatsevtlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti tarkibida quyidagi yo'nalish mavjud:
  • “Dorixona muassasalari iqtisodiyoti va farmatsiyadagi dolzarb muammolar”;
  • “Farmatsevtika amaliyotining dolzarb mavzulari”;
  • “Dori turlari texnologiyasi”;
  • “Dori vositalarini sifatini nazorat qilish”;
  • “Steril dori tayyorlash texnologiyasi”;
  • “Dorivor o‘simliklardan farmatsevtika amaliyotida foydalanishning dolzarb muammolari”;
  • “Sud kimyogar – ekspertlarining ixtisoslashuvi”;
  • “Tibbiyot kollejlari farmatsiya bo‘limi pedagoglarining malakasini oshirish”;
  • “Dori vositalarining sanoat texnologiyasi”.

“Dori vositalarining sanoat texnologiyasi” yo‘nalishi 2015-2016 o‘quv yilida tashkil etilib, ushbu yo‘nalish bo‘yicha birinchi (ilk) malaka oshirish sikli 2016-yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan. Bundan tashqari fakultetda “Davolash – profilaktika muassasalari va dorixonalarda fitobarlar faoliyatini tashkil etish” va “Dori vositalari va tibbiy buyumlar ulgurji savdosi” yo‘nalishlarini tashkil etish rejalashtirilgan. O‘quv jarayonida kompyuter dasturini qo‘llashga katta e’tibor beriladi. Shu maqsadda o‘quv qo‘llanmalari va elektron darsliklar yaratilgan.

Amaliyotga masofaviy ta’lim usuli tatbiq qilinmoqda. Buning uchun «Internet» da www.farmaseft.uz sayti ochilib, saytga barcha yo‘nalishlar bo‘yicha elektron axborot ta’lim resurslari joylashtirilgan, ma’ruzalar multimediyalarni qo‘llab malaka oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha masofadan o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Tizim turli o‘quv (ta’lim) resurslaridan foydalanish va o‘quv materialini o‘zlashtirish darajasiga qarab adaptiv o‘qitishni tashkil qilish imkonini beradi. O‘zR OO‘MTV tomonidan o‘tkazilgan “Pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash jarayonida pedagogik va AKT ni qo‘llash muammolari” ilmiy amaliy konferensiyada www.farmaseft.uz – masofaviy ta’lim tizimi asosida tinglovchilarga saboq berish uslubining taqdimoti o‘tkazilgan bo‘lsa, 2008-yil 8-fevralda O‘zR OO‘MTV tomonidan o‘tkazilgan amaliy uslubiy seminarda ushbu uslubni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

www.farmaseft.uz saytida «Farmatsevtika amaliyoti dolzarb mavzulari» va «Steril dorilar tayyorlash texnologiyasi» yo‘nalishlari bo‘yicha farmatsevtlar malakasini oshirish sikllari yo‘lga qo‘yilib, o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha ma’ruza matnlari, test savollari, amaliy mashg‘ulotlar uchun uslubiy qo‘llanmalar joylashtirilgan.

Xozirgi kunda www.farmaseft.uz sayti faoliyatiga kushimchalar kiritila boshlandi. Xususan, sayt tarkibiga «Elektron dekanat» (E-dekanat) funksiyasini ishga tushirish jarayoni amalga oshirilmoqda. E-Dekanat funksiyasi quyidagi afzalliklarga ega: talabgorlar malakani oshirish sikllariga yozilish uchun fakultet dekanatiga shaxsan kelib hujjatlarni taqdim etishlari shart emas, internet orqali talabnomani yuborish imkoniyati mavjud, o‘qish harajatlarini to‘lash uchun shartnomalarni elektron pochta yoki faks orqali olishi mumkin, dars rejalari va jadvallari bilan internet orqali tanishish mumkin. Bularning hammasi, natijada tinglovchilarning mablag‘ va vaqtlarining tejalishiga olib keladi.

Fakultetda fmoflib – Intranet elektron kutubxona bazasi yaratilgan. Jami elektron manbalar – 62 ta (3,69 Gb), shundan, elektron darslik va qo‘llanmalar 52 ta, o‘quv adabiyotlarining ma’ruza matnlari – 43 ta, elektron o‘quv-uslubiy majmualar – 4 ta, taqdimotlar – 39 ta. Shulardan 2 ta darslik “Организация фармацевтического дела”, “Независимый Узбекистан” elektron darsliklari o‘zining mazmuni, sifati, salohiyati bilan uzluksiz ta’lim tizimi uchun o‘quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratish konsepsiyasi asosida yaratilgan elektron darsliklarning III, IV toifali elektron darsliklar guruhiga kiradi. 43 ta elektron darslik va qo‘llanmalar I, II toifali elektron darsliklar guruhiga kiradi. Fakultet elektron kutubxona bazasidan institut yagona lokal tarmog‘iga ulangan barcha kompyuterlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

1969-1994 yillarda PMOF bo‘yicha 8000 ga yaqin mutaxassis-provizorlar, shu jumladan 3327 provizor-tashkilotchi, 2774 provizor-texnolog, 1256 provizor-analitik, 559 sud-tibbiyoti byurosi ximik-ekspertlari o‘z malakalarini oshirishgan. Shuni ta’kidlash lozimki, ushbu yillarda provizor-tashkilotchi, provizor-texnolog, provizor-analitiklar sikliga malaka oshirish uchun asosan O‘zbekistondan mutaxassislar kelgan bo‘lsa, ximik-ekspert lavozimida ishlovchilar esa sobiq ittifoqning barcha respublikalaridan kelishgan. 1996-yildan boshlab PMOF da har yili 500 ga yaqin mutaxassis-provizorlar malaka oshirish kursini o‘tganlar. 1986-1994 yillarda 4000 dan ortiq mutaxassis o‘z malakasini oshirgan. 2005-2012 yillarda fakultetda malaka oshirgan tinglovchilarning soni 7111 nafarni tashkil etdi. 2012-yildan boshlab har yili 1000 nafardan ortiq mutaxassislar o‘z malakalarini oshirib kelmoqdalar. 2007-2009 yillarda Internet tarmog‘i orqali ta’limning masofaviy shaklida 550 mutaxassis o‘z malakasini oshirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2009-yil 1-iyundagi 162-sonli “O‘zbekiston Respublikasidagi farmatsevt kadrlar malakasini oshirishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi buyrug‘iga binoan Respublika hududida faoliyat ko‘rsatayotgan, mulkchilik turidan qat’iy nazar, barcha farmatsevt kadrlar “Bank ma’lumotlari” ni to‘plash borasida ijroni ta’minlash, farmatsevtlar malakasini oshirish muntazamligini va toifa belgilashni takomillashtirish maqsadida shu yildan boshlab fakultetda malaka oshirgan farmatsevt kadrlar to‘g‘risida ma’lumotlarni elektron tarzda to‘plab borish yo‘lga qo‘yilgan.

Yangi 2018-2019 oquv yilidan boshlab Farmasevtlar malakasini oshirish fakulteti tarkibida Farmakognoziya va dori vositalarini standartlash kafedrasi, hamda 10 oylik qayta tayyorlash kurslari tashkil qilindi. FMOF nomi Farmasevtlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti deb ozgartirildi.