Elga manzur insonlar

04.10.2016, 12:22 Institut yangiliklari, Yangiliklar 414

 

Dunyoda shunday insonlar bo‘ladiki, ular har doim el ardog‘ida, hurmat e’tiborida bo‘lishadi. Bu kabi insonlar kelajak avlod ta’lim-tarbiyasiga mas’uldirlar. Shuningdek, yoshlarning kamoloti, barkamol inson bo‘lib voyaga etishlarida ularning mehnatlari tahsinga loyiqdir. Biz so‘z yuritayotgan kasb egasiga berilgan ta’rifdan anglagan bo‘lsangiz kerak. Ha ular ustozlarimizdir. Xalqimiz o‘rtasida “Ustoz otangdek ulug‘”, – deya ta’rif beriladi. Haqiqatda ustozlarimiz ota-onalarimizdek aziz va jonkuyar, mehribon va sevimlidirlar. Biror kasb egasi yo‘q-ki, ularning tarbiyasida bo‘lmagan, mehr bulog‘idan suv ichmagan. Dono xalqimiz bejizga “Ustoz ko‘rmagan, har maqomga yo‘rg‘alar”,- deya ta’kidlaydi. Shu bois, barcha kasb egalari borki, ustozlar ta’lim-tarbiyasini olgan va ulkan cho‘qqilarni zabt etishgan.

IMG_7675     IMG_7690

IMG_7694     IMG_7707

Yurtimizda bugungi kunda ustozlarga barcha imkoniyatlar, shart – sharoitlar yaratilgan. Ularning mehnatlari e’zozlanib yurtimizda 1 oktyabr – “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Ularning faoliyati doimo munosib taqdirlanadi va qadrlanadi. Shu bois ustozlarimiz doimo e’zozda va e’tirofda.

Toshkent farmatsevtika institutida ham jonkuyar, mehribon, o‘z kasbining mohir mutaxassislari yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.  Ularning g‘amxo‘rligi, e’tibori, fidoiyiligi bois yoshlarimiz o‘zlari tanlagan soxalarida kasbiy bilimga ega bo‘lib, barkamol, komil inson bo‘lib voyaga etmoqda. Institut rektori, professor A.N.Yunusxo‘jaev tashabbusi bilan bir necha yillardan buyon ustozlar mehnati yanada qadrlanib, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda institutda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar, yangiliklar, bunyodkorlik ishlaridan xabardor etish maqsadida nuroniylar, faxriy professor-o‘qituvchilarni taklif etgan holda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish an’anaga aylanib ulgurgan. Jumladan, “Uch avlod uchrashuvi”, “Ustozlarga ehtirom”, “El ardog‘idagi ustozlar”, “Bayramingiz muborak, aziz ustozlar” kabi mavzularda ma’naviy-ma’rifiy, badiiy – adabiy kechalar tashkil etiladi. Shuningdek, institutda bir necha yillardan buyon faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar hamda mehnat faxriylari moddiy va ma’naviy taqdirlanadi. Bu kabi imkoniyat va sharoitlarni ko‘rib, inson dili yayraydi, ko‘zi quvonadi. Ustozlarimiz esa e’zoz va qadr topgan yurtda yashash baxti nasib etganidan mamnun bo‘lishadi. Axir ustozni e’zozlash xalqimizning azaliy qadriyatlariga xos fazilatdir.

IMG_7797     IMG_7817

IMG_7826     IMG_7824

Toshkent farmatsevtika institutida har yili o‘tkazilib kelinadigan “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami bu yil ham o‘zgacha shodiyona va tayyorgarliklar ostida olib borildi.   Tadbir “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi qoshidagi Yoshlar ijod saroyida o‘tkazildi. Tadbirda mehnat faxriylari, professor-o‘qituvchilar, rahbar xodimlar va talabalar ishtirok etishdi. Shuningdek, tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Komilov, O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova, “Nihol” mukofoti sovrindori Otabek Mutalxo‘jaev va bir qator umidli xonandalar,  O‘zbekiston telekanali teleboshlovchisi Shuhrat Raxmatjonov va “Mening yurtim” telekanali teleboshlovchisi Nilufar Sotivoldievalar ishtirok etdilar. Ular tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.Tadbir jarayonida institutga qabul qilingan 1 kurs talabalari tomonidan bayram tabriklari, ustozlarni madh etuvchi she’rlar, qo‘shiq va  raqslar ijro etildi. Bu kabi tadbirlar natijasida yoshlarimiz o‘rtasida ustozlarga bo‘lgan e’tibor, ularning mehnatlarini qadrlash, e’zozlash fazilatlari shakllanishiga erishildi. Har yili 1 oktyabr “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami arafasida “Dori-darmon” AK tomonidan institutda tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish maqsadida “Dori-darmon” stipendiyantlariga sertifikatlar taqdim etiladi. Bu yil ham mana shu an’anani davom ettirgan holda institutning 5 nafar iqtidorli talabalarga “Dori-darmon” AKning sertifikatlari taqdim etildi. Shuningdek, institut qoshidagi Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi tomonidan 5 nafar talabalarga professor “Manon Azizov” nomidagi stipendiya sertifikatlari topshirildi. Bu kabi xayrli ishlar zamirida nafaqat iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash balki ilm istagi bilan yonib yashayotgan yoshlarni kashf etish, ularni munosib rag‘batlantirish va kelajakda o‘z kasbining mohir mutaxassisi bo‘lib shakllanishida yaqindan ko‘mak berishdir. Bu borada albatta ustozlarimizning mehnatlari tahsinga loyiqdir. Shu fursatdan foydalanib yurtimizdagi jamiki sharafli kasb egalari ustoz va murabbiylarni kasb bayramlari bilan muborakbod etamiz. Sizlarga dunyodagi ezgu niyatlar ijobatligini, el e’tirofiga, e’zoziga munosib bo‘lish baxti tark etmasligini tilab, yaqinlaringiz va shogirdlaringiz baxtiga sog‘-salomat bo‘ling deymiz. Har doim elning nazarida, e’zozida bo‘lish baxti Sizlarni tark etmasin. Axir Sizlar bunga munosibdirsiz.

IMG_7832     IMG_7854

IMG_7888     IMG_7927

 

Nigora ASHUROVA

Toshkent farmatsevtika instituti

Tillar kafedrasi o‘qituvchisi