Bayramingiz muborak, aziz ustozlar!

02.10.2017, 16:44 Institut yangiliklari, Tadbirlar, Yangiliklar 361

     

Dunyoda shunday insonlar bo‘ladiki, ular har doim el ardog‘ida, hurmat e’tiborida bo‘lishadi. Bu kabi insonlar kelajak avlod ta’lim-tarbiyasiga mas’uldirlar. Shuningdek, yoshlarning kamoloti, barkamol inson bo‘lib voyaga etishlarida ularning mehnatlari tahsinga loyiqdir.

    

     

Yurtimizda bugungi kunda ustozlarga barcha imkoniyatlar, shart – sharoitlar yaratilgan. Ularning mehnatlari e’zozlanib yurtimizda 1-oktyabr – “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Ularning faoliyati doimo munosib taqdirlanadi va qadrlanadi. Shu bois ustozlarimiz doimo e’zozda va e’tirofda. Toshkent farmatsevtika institutida har yili o‘tkazilib kelinadigan “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami bu yil ham o‘zgacha shodiyona va tayyorgarliklar ostida olib borildi. Tadbir 2017yil 29sentyabrda O‘zbekiston davlat konervatoriyasida o‘tkazildi. Tadbirda mehnat faxriylari, professor-o‘qituvchilar, rahbar xodimlar va talabalar ishtirok etishdi. Shuningdek, tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ravshan Komilov, Jenisbek Piyazov, O‘zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova, “Nihol” mukofoti sovrindori Nilufar Usmonova va bir qator umidli xonandalar ishtirok etdilar. Ular tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir davomida institutning bir qator faxriy professor-o‘qituvchilari institut tomonidan moddiy va ma’naviy rag‘batlantirildi. Tadbir jarayonida institutga qabul qilingan 1-kurs talabalari tomonidan bayram tabriklari, ustozlarni madh etuvchi she’rlar ijro etildi. Bu kabi tadbirlar natijasida yoshlarimiz o‘rtasida ustozlarga bo‘lgan e’tibor, ularning mehnatlarini qadrlash, e’zozlash fazilatlari shakllanishiga erishildi. Mamlakatimizda yosh avlodning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ularni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga hissa qo‘shgan salmoqli hissasi, ta’lim-tarbiya tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yoshlarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatishdagi fidoiyligi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun institutning bir guruh professor-o‘qituvchilari kasaba uyushmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tomonidan qimmatbaho sovhalar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Tadbirda jami 508 nafar professor-o‘qituvchilar, rahbar xodimlar va talabalarning ishtiroki ta’minlandi.