“Ayolni e’zozlagan yurt”

06.03.2017, 15:42 Institut yangiliklari, Yangiliklar 637

Vatanga, oilaga, hayotga va kelajakka ehtirom — ayolga, onaga ehtiromdan boshlanadi. Ayolini asragan el qudratli, onasini e’zozlagan farzandning tolei baland bo‘ladi. Zero, dunyodagi jamiki buyuk zotlar, jahongirlar oqila va dono onalar, go‘zal tabiatli ayollar bag‘rida o‘sib-ulg‘ayishgan. Shu bois ham ayolni azaldan muqaddas bilib, unga hurmat-izzat ko‘rsatilgan

Istiqlol bois o‘zbek xotin-qizlarining baxtu iqboli ochildi. Hozirgi kunda davlatimizning yuksak unvonlari va orden-medallariga sazovor bo‘lgan turli kasb sohibalarini, fidoyi va mehnatkash ayollarimizni sanab sanog‘iga etolmaysiz. Darhaqiqat, bugun o‘zbek ayollari davlatimiz va jamiyatimizning ardog‘ida, e’tiborida. Hozirgi kunda onalik va bolalikni muhofaza qilish, opa-singillarimizning og‘irini yanada engillashtirish, ularning qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, lo‘nda qilib aytganda, ayollik baxtini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettirilmoqda.

     

Bugun o‘zbek ayolining qalbiga quloq tutsangiz, hayotidan behad mamnun ekanligini, shodonligini eshitasiz. U bilan birga quvonib, uning baxtli damlari uchun istiqloldan minnatdor bo‘lasiz. Shubhasiz, ayoli e’zozlanayotgan go‘zal va obod yurtning ertangi kuni ham nurafshondir.

Toshkent farmatsevtika institutida 8 mart – “Xotin-qizlar” kuni  munosabati bilan 2017 yil 4 mart kuni soat 14-00da “Ayolni e’zozlagan yurt”, “Barkamol avlod tarbiyasida ayollarning o‘rni” mavzularida adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.

     

Tadbirda O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston davlat drama teatri aktrisasi Dilbar Ismoilova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Gulchexra Ibragimbekova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Xosiyat Xusanova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston davlat drama teatri aktyori Madina To‘xtaeva Milliy akademik drama teatri aktyori Sharof Muzropovlar ishtirok etdi. Shuningdek, institut talabalari tomonidan ayollarni madh etuvchi she’riy chiqishlari tashkil etildi.

Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad yoshlarni san’at, adabiyot orqali milliy-ma’naviy qadriyatlar, milliy urf-odatlar hamda ayolga ehtirom, hurmat ruhida tarbiyalashdir.

Tadbir hamkorlari: O‘zbekiston davlat drama teatri, O‘zbek Milliy akademik drama teatri, O‘zbekiston teleradiokompaniyasi, institut  ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda Tillar kafedrasi.

     

 

Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimi

Ashurova Nigora Xayitovna