“Amir Temur buyuk sarkarda va davlat arbobi”

11.04.2017, 16:05 Institut yangiliklari, Yangiliklar 251

Institutda 2016 yil 10 aprel kuni  Amir Temur tavalludiga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir ijtimoiy fanlar kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan o‘tkazildi.Tadbirni kafedra mudiri K.K.Ismailov kirish so‘zi bilan ochib berdi.Tadbir davomida quyidagi jihatlarga e’tibor qaratildi.Jumladan, Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini o‘rgangan. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi o‘zlashtirganini ta’kidlaydi.

     
Amir Temur siyosat maydoniga kirib kelgan paytda, Movarounnahr mo‘g‘ullar istibdodi ostida bo‘lib, Chingizxon va Botuxon bosib o‘tgan shahar va qishloqlar vayronaga aylangan, suv inshootlari buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan, Chingizxon Movarounnahrni o‘zining ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyxonga suyurg‘ol sifatida in’om qilgan edi. Amir Temurning har bir harbiy yurishiga turtki bo‘larlik sabab bor edi. Bu sabablar — o‘z davlatining chegaralarini mustahkamlash, tashqi dushmanlardan himoyalanish, karvon yo‘llarini turli yo‘lto‘sarlardan tozalash, xiyonatchi, sotqin, aldamchilarni jazolash, bo‘ysunmaganlarni itoat ettirish, o‘zining siyosiy ta’sirini kengaytirish kabilardan iborat bo‘lganligini tarixiy manbalardan bilib olish mumkin. Masalan, Amir Temurning To‘xtamishxonga qarshi yurishini olsak, Temur To‘xtamishxonga ko‘p iltifotlar, yordamlar ko‘rsatib, 1379 yilda Urusxonni engib, Oq O‘rda taxtiga To‘xtamishxonni o‘tqazgan edi. Ammo To‘xtamishxon Amir Temurning umidlarini puchga chiqardi.
U Movarounnaxrga bir necha bor talonchilik niyatida bostirib kirganidan so‘ng, Temurda ham unga qarshi kurashish majburiyati vujudga keldi va 1395 yil 15 aprelda qunduzchada Amir Temur bilan To‘xtamishxon o‘rtasida hal qiluvchi hayot-mamot jangi boshlandi. Jang faqat To‘xtamishxonning taqdirini hal qilib qo‘yaqolmay, balki butun Oltin O‘rda taqdirini ham hal qildi.
Tarix Temur zimmasiga Oltin O‘rdadek qudratli mo‘g‘ul imperiyasining asosini emirishdek ulkan vazifani qo‘ygan ekan, Sohibqiron bu vazifani ham buyuk jasorat bilan ado etib, Rus knyazliklari va Sharqiy Ovro‘po xalqlarini mo‘g‘ullar asoratidan xalos bo‘lishlariga yo‘l ochib berdi. Yirik rus olimi A. Yu. Yakubovskiy: «Temur¬ning To‘xtamish ustidan qozongan bu g‘alabasi nafaqat Markaziy Osiyo va Sharqiy Ovro‘po, balki Rusiya uchun ham katta ahamiyatga molik bo‘ldi», deb yozdi.

Amir Temurning buyuk davlat arbobi va harbiy sarkardalik borasidagi mahoratlari haqida Turon akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori, professor O‘ljaeva Shohista Mamajonovna ma’ruza qildi.Tadbir davomida “Amir Temur” nomli videorolik namoyish etildi. Tadbir barchada katta qiziqish uyg‘otdi.