Inomjon Majidov talabalar bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.

16.03.2019, 13:30 Yangiliklar 430

Bugun, 15 mart kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov respublika oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.

Muloqotda joylardagi studiyalardan barcha OTMlarida tahsil olayotgan imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj hamda  iqtidorli va  tashabbuskor talaba-yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Ikki soatdan ko‘proq vaqt davom etgan muloqotda vazir talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Xususan, o‘quv jarayonlarini samarali  tashkil etish; to‘lov-kontrakt asosida o‘qish shartlari va stipendiya; imkoniyati cheklangan va nogironligi bor talabalarning o‘qish uchun zarur sharoit, turar joy  hamda maxsus adabiyotlar bilan ta’minlanishi; xorijda ta’lim olish va boshqa mavzularda qiziqarli muloqot bo‘lib o‘tdi.

Onlayn muloqotda yoshlar oldidan chiqadigan to‘siqlarni aylanib o‘tishga emas, balki ularni yengib o‘tishga odatlanishlari kerakligi, hozirda talabalar uchun imtiyozlar ko‘pligi, kelgusida ularning soni oshirilishi, biroq imtiyozlarga tayanib qolish  kelajakda mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishga to‘sqinlik qilishi mumkinligi ta’kidlandi.

Suhbat yakunida talabalar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar to‘liq ko‘rib chiqilishi qayd etildi.

Edu.uz

Institut  matbuot  kotibi N.L.Usmanova