Sog‘liqni saqlash vazirligi: O‘zbekistonda 13- vaksina milliy emlash kalendariga kiritildi

13.03.2019, 16:59 Yangiliklar 291

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidanO‘zbekistonda papilloma virusiga qarshi yangi vaksinaning tatbiq etilishi: maqsad va kutilayotgan natijalarmavzusida matbuot anjumani Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida  tashkil etildi.

Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YuNISEF va YuNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonalari mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida aytilishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 370 mingdan ortiq ayolda bachadon bo‘yni saratoni birinchi bor qayd etiladi, ulardan 190 ming nafari ushbu kasallik oqibatida vafot etadi. Dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadigan va keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi. Kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa, bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratonidan keyin uchinchi o‘rinda va tug‘ish yoshidagi ayollar (15 – 44 yosh) orasida esa bachadon saratonidan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi.

Vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, har yili O‘zbekistonda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda. Odam papillomasi virusiga (OPV) qarshi emlash esa ayollarda uchraydigan bachadon bo‘yni saratonining oldini olishning samarali usullaridan biri hisoblanadi. O‘smir yoshdagi qizlarni rejali emlash kelgusida 1100 ta kasallanish holati va bachadon bo‘yni saratoni kasalligidan yuzaga keladigan o‘lim holatining oldini olishga yordam beradi. OPVga qarshi rejali emlash 92 davlatda, ular orasida JSST Yevropa mintaqasidagi 36 davlatda ham qo‘llanib kelinmoqda. Emlashning bachadon bo‘yni saratonini kamaytirishdagi yuqori samarasi klinik sinovlar davrida, shuningdek, ushbu vaksina ko‘p yillardan beri qo‘llanib kelinayotgan davlatlar (Avstraliya, Kanada, Daniya, Irlandiya, Shvesiya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Shotlandiya, AQSh) misolida ko‘ringan.

Milliy emlash kalendari bo‘yicha yurtimizda bolalar 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi davlat hisobidan profilaktik emlanadi. OPVga qarshi vaksinaning 13-emlashsifatida joriy qilinishi esa yana bir og‘ir kasallik — bachadon bo‘yni saratoni xastaligining oldini olishga xizmat qiladi. Joylarda Global vaksina va immunizatsiya alyansi yordamida qurilayotgan muzlatgichli omborlarda vaksinalar sifatli saqlanadi va tarqatiladi. Vaksinalar joriy yilning birinchi yarmida yurtimizga olib kelina boshlaydi. Oktabr oyidan boshlab esa 400 ming nafarga yaqin 9 yoshli qizlar maktablarda va tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inlarida emlanadi. 2020 yil aprelida ular ikkinchi marta emlanadi.

– 2010 yilda mamlakatimizning bir necha viloyatlaridan 8000 nafar qiz ushbu vaksina bilan emlandi va ular diqqat bilan kuzatildi. Hozirda ayrimlarining oilasi va farzandlari bor. O‘tgan davrda ularning reproduktiv salomatligida emlashning hech qanday nojo‘ya ta’sir yoki asorati kuzatilmadi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunova. – Joriy yildan boshlab ushbu vaksina milliy emlash kalendariga kiritiladi va qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi. Natijada, O‘zbekistonda 2060 yillarga borib ayollarning bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanish holatlariga barham beriladi.

uza.uz

Institut  matbuot kotibi  N.L.Usmanova