Aholini dori vositalari bilan ta’minlashga doir chora-tadbirlar qabul qilindi

13.03.2019, 15:59 Yangiliklar 380

Ular Vazirlar Mahkamasining 1.03.2019 yildagi 185-son qarorida nazarda tutilgan, u shu jumladan davlat tibbiyot tashkilotlariga dori vositalari va tibbiyot buyumlarini uzluksiz yetkazib berishga yo‘naltirilgan.

Norma’ning yozishicha, hujjatda Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratilgan 300 mlrd so‘m miqdoridagi foizsiz budjet ssudasini qaytarish mexanizmi belgilangan. Uning 15 mlrd so‘mlik qismi qoplangan. Qolgan qismini 2019 yil 1 iyulgacha qoplash zarur, summaning bir qismi (26,5 mlrd) «O’zmedimpeks» DUK tomonidan 1 aprelgacha qoplanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy boshqaruv organlariga dori vositalari sotilishi hamda foizsiz ssudaning qolgan qismi qoplanishi tasdiqlangan sxema bo‘yicha amalga oshiriladi. Bunda dori vositalarining yillik ehtiyojidan ortiqcha zaxirasi yaratilishi hamda buning natijasida boshqa turdagi zarur dori vositalarini xarid qilishga mablag‘larning yetishmovchiligi yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha javobgarlik Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuklanadi.

Viloyat hokimliklariga tasdiqlanadigan ro‘yxatga asosan viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalariga dori vositalarini xarid qilish uchun zarur mablag‘lar ajratish vazifasi topshirildi. Mablag‘lar 2019 yil Davlat budjeti parametrlari doirasida beriladi.

Endokrinologik kasalliklarga chalingan hamda buyrak va jigar transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan bemorlarni dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida davlat tibbiyot tashkilotlarining xarajatlar smetasida mazkur tadbirlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘larni Sog‘liqni saqlash vazirligining xarajatlar smetasida jamlash orqali markazlashtirilgan holda xarid qilishga ruxsat berildi.

Hujjat 2.03.2019 yildan kuchga kirdi.

kun.uz

Institut  matbuot kotibi  N.L.Usmanova