O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari Germaniya universitetlari bilan hamkorlik qiladi

11.03.2019, 16:46 Yangiliklar 468

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti olimlari Berlin texnika universitetida Yevropa Ittifoqining Erazmus+ Oliy ta’lim muassasalarida salohiyatni oshirish dasturi bo‘yicha “NICoPA: Aniq (koordinatali) raqamli qishloq xo‘jaligi uchun yangi va innovatsion kurslar” loyihasining dastlabki yig‘ilishida ishtirok etdi.
Loyihada Yevropaning nufuzli universitetlari bilan birga O‘zbekistondan uchta oliy ta’lim muassasasi – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Muhammad Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qatnashdi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga loyiha doirasida raqamli qishloq xo‘jaligi uchun innovatsion yo‘nalishlarni ochish, unga yuqori aniqlikdagi fanlar, ya’ni masofadan zondlash, GIS texnologiyalari, Smart qishloq xo‘jaligi kabi fanlar va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida institut va Germaniyaning fazoviy-kosmik ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha eng nufuzli kompaniyalaridan biri – Engineering Consulting and Management for Space Technologies GmbH o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi.
Bitimdan ko‘zlangan maqsad o‘quv jarayoniga kiritiladigan masofadan zondlash, GIS texnologiyalari, Smart qishloq xo‘jaligi kabi yangi fanlarni O‘zbekiston hududiga oid fazoviy ma’lumotlar bilan to‘ldirishdir.
Loyiha doirasida fazoviy ma’lumotlar yig‘uvchi uskunalarni xarid qilish ham rejalashtirilgan.
Ular yordamida institut o‘quv-tajriba maydonlarida tadqiqotlar o‘tkazish, tuproq tarkibini chuqur tahlil qilish, meliorativ holatini aniqlash, yerning sho‘rlanish darajasi yoki eroziyaga chalinganlik holatini yuqori aniqlikda tahlil qilishga erishiladi.
Institut  matbuot  kotibi  N.L.Usmanova