O‘zbekistonlik talabalar rus tili bo‘yicha xalqaro onlayn olimpiadada g‘alaba qozonishdi

06.03.2019, 17:56 Institut yangiliklari, Yangiliklar 439

Rus tilini xorijiy til sifatida o‘zlashtirish darajasini tekshiruvchi xalqaro olimpiadada 25 ta davlatdan qatnashgan 100 nafardan ortiq talabalar orasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Olimpiada onlayn tarzda ikki bosqichda o‘tkazilib, unda talabalarning rus tilida tinglab tushunish, so‘zlash va mantiqiy izchilikda bexato yozish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.

Teng kurashlar ostida o‘tgan bilimlar bellashuvida ikkala guruhda ham mutlaq g‘oliblikni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari Nilufar Usmonova  va Tolib Mamarasulovlar qo‘lga kiritishdi.

Umumjamoa hisobida O‘zbekistondan keyingi o‘rinlarni Suriya, Tojikiston, Afg‘oniston, Zambiya, Vetnam va Misr vakillari qo‘lga kiritishdi.

Tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi ham onlayn rejimida o‘tkazildi. Barcha sovrindorlar nomi ma’lum qilinib, ularga g‘oliblik sertifikatlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur olimpiada g‘oliblariga Rossiya OTMlarida ijtimoiy soha bo‘yicha magistraturaga kirish imkoniyati beriladi, qolaversa, ularni Tyumen davlat universiteti yozgi maktabiga taklif etishadi.

Edu.uz

Institut  matbuot  kotibi  N.L.Usmanova