Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikka oid “yo‘l xarita”lari ijrosi ko‘rib chiqildi.

07.02.2019, 14:18 Institut yangiliklari, Yangiliklar 295

Investitsiya iqtisodiy taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Shu bois, bu masala davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. 2019 yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilindi. Bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashkil etildi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb etish orqali biznesni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilayotgani, lekin bu hali yetarli emasligi ta’kidlandi.

Investitsiya bilan shug‘ullanuvchi kadrlar yetishmaydi. Investorlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, mavjud infratuzilmani rivojlantirish zarur. Shu bois, bu soha bo‘yicha hali yana ko‘p ishlashimiz, izlanishimiz kerak. Xorijdan investitsiya kirmasa, mamlakat rivojlanmaydi, dedi Shavkat Mirziyoev.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning yetakchi xorijiy davlatlar bilan aloqalari jadal rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Siyosiy muloqotlar va delegatsiyalar almashuvi faollashyapti.
Davlatimiz rahbarining xorijiy mamlakatlarga tashriflari davomida o‘zaro hamkorlik va sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgani, jumladan, O‘zbekiston bilan Germaniya, Fransiya, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida umumiy qiymati 14 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan manfaatli shartnoma va kelishuvlar imzolangani qayd etildi.
Fransiya va Germaniya kabi nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki jahonning yetakchi davlatlari O‘zbekistonning ishonchli va istiqbolli sheriklaridan bo‘lib, tashriflar o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Ushbu mamlakatlardan avvalo, zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar, ilg‘or tajriba va boshqaruv menejmentini yurtimizga jalb etish ustuvor vazifadir. Investitsiyaviy loyihalar bo‘yicha bitim va kelishuvlarning ijro muddati, mas’ul idoralar va shaxslar “yo‘l xaritalari”da aniq ko‘rsatilgan.
Davlatimiz rahbari xalqimiz farovonligiga xizmat qiluvchi istiqbolli loyihalarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish zarurligini ta’kidladi.
Shu maqsadda Germaniya bilan tuzilgan Investitsiya va texnologiyalar bo‘yicha qo‘shma qo‘mitaning ishchi guruhi “Yo‘l xaritasi”dagi loyihalar monitoringi va so‘zsiz amalga oshirilishiga javob beradi. Shunday tizimli ishni boshqa davlatlar bilan ham tatbiq qilish kerakligi qayd etildi.
Prezidentimiz o‘tgan yili oktabr oyida Nyu-Dehlida va joriy yil yanvar oyida Gujaratda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashib, ushbu tashriflar natijasida salkam 3,5 milliard dollarga teng investitsiyaviy loyihalar va savdo bitimlarini amalga oshirishga kelishib olingan edi. Ushbu bitimlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash va farmasevtika, innovatsiya, qishloq xo‘jaligi, agroklasterlar, ta’lim kabi sohalarga oiddir.
Andijonda farmasevtika sohasi bo‘yicha birinchi qo‘shma erkin iqtisodiy zona va Sharda universiteti, Toshkentda texnopark va Amiti universitetining ochilishi, zamonaviy tibbiyot klinikalari qurilishi va shu kabi qator loyihalar ijrosi to‘liq ta’minlanishi zarurligi qayd etildi.
Arab-musulmon dunyosida katta nufuzga va ulkan salohiyatga ega Birlashgan Arab Amirliklari bilan ham ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni davlatlarimiz imkoniyatlariga mos darajaga ko‘tarish yo‘lida izchil qadamlar tashlanmoqda. Keyingi paytlarda ushbu mamlakat bilan delegatsiyalar almashuvi faollashib, loyihalar bo‘yicha jadal tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Yig‘ilishda BAAning moliyalashtirish imkoniyatlari va investitsiyalarini O‘zbekistonga jalb qilish xususida ham so‘z yuritildi.
“Yo‘l xaritalari”dagi har bir loyiha sifatli va o‘z muddatida bajarilishiga erishish, muammoli loyihalar bo‘yicha yangi hamkorlarni izlab topishga asosiy e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirishga qaratilgan bu kabi qat’iy sa’y-harakatlar mamlakatimizning barqaror taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Xorijiy investitsiyalar bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosi yuzasidan mutasaddilar axboroti tinglandi.