Sog‘liqni saqlash vaziri bilan eksklyuziv intervyu

09.12.2018, 21:26 Yangiliklar 596

Ikki yil davomida tibbiyot sohasida kerakli o‘zgarishlar yuz berdi. Kuni kecha Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilindi. Unda soha faoliyatini tashkil etishda so‘nggi yillarda to‘planib qolgan tizimli kamchilik va muammolar e’tirof etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning Kun.uz ga bergan intervyusida ta’kidlashicha, sohaga yaqin va tibbiyot yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan mutaxassislardan tashkil topgan 10ta ishchi guruh vakillari 6ta xorijiy mamlakatda bo‘lib, ularning tibbiyotda tajribasini o‘rganishgan. Maqsad – O‘zbekistonning tibbiyotini isloh etish uchun fundamental tasavvurni yig‘ish.

Video: Tas-IX

«Evropada tibbiyoti eng rivojlangan mamlakatlardan biri Germaniya yo Fransiya bo‘lsa, u yerda islohotlar 60 yil davom etgan. Osiyodagi tibbiyoti rivojlangan mamlakatlardan biri – Yaponiya va Janubiy Koreyada esa bu o‘zgarishlarga 40 yil sarflandi. Ular hozirgi natijalarga bosqichma-bosqich ko‘p yillar davomida erishgan.

Turkiyaning tajribasi o‘rganilganda, ahamiyatli jihati shunda bo‘ldiki, ular boshqa mamlakatlarning xato va kamchiliklaridan kelib chiqib, islohotlarni 10 yilda amalga oshirgan», – deydi vazir.

Alisher Shodmonovning aytishicha, yuqorida ta’kidlangan fikrlarni inobatga olgan holda, O‘zbekistonda tibbiyot islohotini amalga oshirish uchun 7 yilga rivojlanish konsepsiyasi tayyorlandi.

«Birinchi navbatda, sog‘liqni saqlash tizimini o‘zgartirish, sog‘liqni saqlashda boshqaruvni o‘zgartirish, tizimda moliyalashtirishni isloh etish va kadrlar tayyorlash siyosatini ham o‘zgartirish zaruriyati paydo bo‘lgan. Islohotlarning bir nechta muhim qismlari mavjud. Masalan, poliklinika 100 qatnovga mo‘ljallangan, deylik. Uni moliyalashtirish shunga yarasha amalga oshiriladi. U qanday ishlayapti, samarasi bormi yo yo‘qmi?

Yangi tizimda aholi jon boshiga qarab turib, pul ajratish nazarda tutilgan. Mana shu mablag‘ poliklinikaning hisobida turadi. Muassasa o‘ziga biriktirilgan aholini kasal bo‘lishining oldini olsa, profilaktikani muntazam amalga oshirsa, aksariyat mablag‘ poliklinikada qoladi. Ana shu mablag‘ o‘zini rivojlantirishga, xodimlarning maoshi oshirilishiga sarflanadi. Aks holda, uning mablag‘i kamayadi, o‘zining zarariga ishlaydi», – deydi vazir.

Ma’lumot uchun, Prezident farmonida «demografik o‘zgarishlar va sog‘liqni saqlashni rivojlantirish istiqbollarini prognozlash, aholining salomatligi va kasallanishi holatini kompleks tahlil qilish» masalasi alohida ta’kidlangan. ​

Manba: Kun.uz