Tibbiy xizmat sifatidan aholi nega norozi?

27.11.2018, 18:32 Institut yangiliklari, Yangiliklar 546

II-guruh nogironi Gulsun Umrzoqovaning dardini kim eshitadi?

Prezidentimiz joriy yil 9-noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish va tibbiyot sohasida olib borilgan islohotlar natijalarini tahlil qilish va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tumanlar, chekka qishloqlar aholisi tibbiy xizmatdagi jiddiy va tub o‘zgarishlarni o‘z hayotida sezayotgani yo‘q, deb bejiz ta’kidlamadi. Darhaqiqat, ayniqsa, shunday hududlarda tibbiyot sohasida ko‘plab kamchilik va muammolar bugun o‘z yechimini kutmoqda.

Farg‘ona viloyatidagi sektor rahbarlari, Respublika ishchi guruhining xalq bilan muloqot qilishi jarayonida ham eng ko‘p muammo va e’tirozlar aynan tibbiyot sohasidan bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, ba’zi joylarda hanuzgacha sohadagi muammolar o‘z yechimini topmayapti. Ko‘plab qishloq oilaviy poliklinikalarida qish mavsumiga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rilmagan. Shuningdek, ayrim muassasalarda tibbiy jihozlarning yaroqlilik muddati tugab, ma’nan eskirgan.

Quvasoy shahrida bugungi kunda 3 ta qishloq oilaviy poliklinikasi hamda 3 ta qishloq vrachlik punkti aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Ba’zi hududlardagi xizmat aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

“Nayman” mahalla fuqarolar yig‘inida 3-qishloq oilaviy poliklinikasining tibbiyot punkti faoliyat ko‘rsatadi. Bu yerda ishlayotgan umumamaliyot shifokori va hamshiralarga umuman sharoit yaratilmagan, xonalar sovuq. Mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdulhoshim Qo‘zievning aytishicha, 2014 yilda tibbiyot punkti aholi taklifi bilan tashkil etilgan. Bugungi kunda mahallada 2 ming 500 ga yaqin aholi istiqomat qiladi. Nima bo‘lganda ham, tibbiyot maskanida aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur sharoit bo‘lish kerak. Chekka hududda joylashgan, transport qatnovi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan bu qishloq aholisi ham tibbiyotdagi islohotlardan rozi bo‘lishi lozim.

Mahalla fuqarolar yig‘inidagi Shinam ko‘chasida istiqomat qilayotgan II-guruh nogironi Gulsun Umrzoqova xonadonida bo‘ldik. U bir necha yillardan beri revmatizm kasalligi bilan to‘shakka mixlanib qolgan. Opa bilan suhbatimiz juda og‘ir kechdi. Uch nafar farzandli bu ayolning turmush sharoiti ham yaxshi emas. Opa davolanishga muhtoj, lekin, imkoniyati yo‘q. Hech kim yordam bermagan. Qancha mutasaddilar bu xonadonga kelib ketgan bo‘lsa-da, ammo biror amaliy yordam ko‘rsatilmagan. G.Umrzoqovaga nogironlik aravachasi ham nihoyatda zarur.

Valik mahallasidagi qishloq oilaviy poliklinikasi yaqinda rekonstruksiya qilingan. 9 mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatayotgan bu maskanda ham sharoit talab darajasida emas. Aksariyat xonalar bo‘m-bo‘sh. Bu yerda bo‘lganimizda poliklinika mudiri Feruza Orifjonova hamda patronaj hamshiralar shahar tibbiyot birlashmasiga yig‘ilishga ketganini aytishdi. Tor doiradagi mutaxassislardan faqat terapevt ishlayotgan ekan. Aslida bu maskan tunu kun aholi xizmatida bo‘lish kerak. Qurilish ishlari ham to‘liq yakunlanmagan. Ayrim xonalarda issiqlik tizimi ishlamayapti.

Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Bahrom Toshboltaev bilan telefon orqali bog‘landik. Qishloq poliklinikasidagi muammolarni aytsak, “hammasi hal bo‘ladi” deya vada berdi.

Aholining bugungi kunda tibbiy islohotlardan juda ko‘p natijalar kutayotgani tayin. Ammo hududlardagi ayrim rahbarlarning befarqligi bois aholi tibbiy xizmatdan norozi bo‘lmoqda. Masalan, Quvasoy shahridagi sektor rahbarlari nahotki bu muammolarni bilmasa? O‘ylaymizki, viloyatdagi mas’ullar o‘z vazifasini sidqidildan ado etishga kirishsa, tibbiyot muassasasi sharoiti yaxshilansa, kamchiliklarni tuzatishning ham, aholini rozi qilishning ham imkoni topiladi.

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova.