Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

27.11.2018, 18:30 Institut yangiliklari, Yangiliklar 447

Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun haq to‘lash atrof tabiiy muhitga ta’sir ko‘rsatish toifalariga muvofiq belgilanadi.

Hukumat qarori bilan Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.

Nizomga muvofiq, ekologik ekspertiza atrof tabiiy muhitga va fuqarolar sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xo‘jalik hamda boshqa faoliyatning ekologik xavflilik darajasini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.

Ekologik ekspertiza quyidagilar tomonidan o‘tkaziladi:

  • “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” DUK tomonidan:
  • yuqori va o‘rtacha darajada xavfli toifaga kiradigan faoliyat turlari bo‘yicha maxsus huquqiy rejimga ega ob’yektlar;
  • texnika, texnologiya, materiallar, moddalar, mahsulotlarning yangi turlarini yaratishga doir hujjatlar;
  • aholisi soni 50 ming kishidan ortiq bo‘lgan ob’yektlarning shaharsozlik hujjatlari.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” DUKlari tomonidan:

  • past darajada xavfli va mahalliy ta’sir ko‘rsatish toifalariga kiradigan loyihaoldi va loyiha hujjatlari;
  • aholisi soni 50 ming kishi va undan kam bo‘lgan ob’yektlarning shaharsozlik hujjatlari.

Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun haq to‘lash atrof tabiiy muhitga ta’sir ko‘rsatish toifalariga muvofiq quyidagicha belgilanadi:

  • yuqori darajada xavfli ta’sir ko‘rsatadigan ob’yektlar – eng kam oylik ish haqining 25 baravari;
  • o‘rtacha darajada xavfli ta’sir ko‘rsatadigan ob’yektlar – eng kam oylik ish haqining 15 baravari;
  • past darajada xavfli ta’sir ko‘rsatadigan ob’yektlar – eng kam oylik ish haqining 7,5 baravari;
  • mahalliy ta’sir ko‘rsatadigan ob’yektlar – eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari miqdorida.

Ekspertiza uchun 90 kun davomida haq to‘lanmagan taqdirda materiallar egasiga qaytariladi.​​

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova.