Indoneziya oliygohlari bilan memorandum imzolandi.

27.11.2018, 18:34 Institut yangiliklari, Yangiliklar 587

Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetiga Indoneziyaning bir qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ilmiy xodimlari, pedagoglaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolari universitetning tashkiliy tuzilmasi, o‘quv-amaliyot laboratoriyalari, ta’lim berish jarayonlari, pedagog xodimlar va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

O‘zbekiston va Indoneziya oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar”, “O‘zbekiston turizmining istiqbollari”, “Indoneziyaning turizm salohiyati”, “Indoneziyada ta’lim olish imkoniyatlari va hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish” mavzusida taqdimotlar qilindi.

– Biz Imom Buxoriyni yetishtirib bergan zaminda bo‘lib turganimizdan mamnunmiz. Islom dunyosida yuksak meros qoldirgan ulug‘ zotlar qadamjolarini ziyorat qilish qalbimizga g‘urur-iftixor bag‘ishladi. Mazkur yo‘nalishda turizm sohasini rivojlantirish borasida ilmiy-amaliy hamkorlik qilish har ikki davlat aloqalarini yanada mustahkamlaydi, – deydi Indoneziyaning Samawa universiteti rektori Sayfuddin Iskandar.​

O‘zaro muloqotlardan so‘ng Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Indoneziyaning qator universitetlari bilan ta’lim, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘zaro kelishuv memorandumlari imzolandi.​

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova