Yulduz topgan ayol!

26.11.2018, 16:30 Institut yangiliklari, Yangiliklar 606

Ayol – ona!

Ayol – dunyoning barcha tashvishlarini yelkalab olgan muazzam karvon!

Ayol – g‘amlarini ichiga yutib, faqatgina shodligini namoyon etguvchi muborak zot!

 

 

 

ZAMONAMIZ QAHRAMONLARI 

SIYRATIGA ChIZGILAR

 

 

 

Tangrining noyob yaratig‘i hisoblanmish ayol haqida turli-tuman tashbehlar keltirish mumkin. O‘qiganda dillarni larzaga solguvchi muhabbat qissalari bitish mumkin. Yoinki uning qahramonliklari, sabotu matonati bitilgan ulkan epopeya ham yaratsa bo‘ladi.

Lekin saratonning jaziramasida terga pishib suv tarayotgan, ming bir g‘o‘za boshida ming bir egilib paxta terayotgan, tongsaharda qushdayin omonatgina pinakka ketayotgan, alalxusus uyim deb, ro‘zg‘orim deb, turmushning neki yuki bo‘lsa, ortmoqlab kelayotgan ayol siymosini ko‘rganmisiz?..

Ko‘rgansiz! Paxta dalalarida, o‘qariq bo‘ylarida, bepoyon egatlar boshida ko‘p ko‘rgansiz!

Bugun ana shunday ayollar – onalarimiz qahramonga aylangan. Elning nazariga tushgan. El ularni ardoqlab, munosib qadrladi. Aslida qora mehnatda suyagi qotib, bolam deb zahmat chekayotgan barcha ayollarimiz qahramonlikka munosibdir.

Tangrining noyob yaratig‘i hisoblanmish ayol haqida turli-tuman tashbehlar keltirish mumkin. O‘qiganda dillarni larzaga solguvchi muhabbat qissalari bitish mumkin. Yoinki uning qahramonliklari, sabotu matonati bitilgan ulkan epopeya ham yaratsa bo‘ladi.

Lekin saratonning jaziramasida terga pishib suv tarayotgan, ming bir g‘o‘za boshida ming bir egilib paxta terayotgan, tongsaharda qushdayin omonatgina pinakka ketayotgan, alalxusus uyim deb, ro‘zg‘orim deb, turmushning neki yuki bo‘lsa, ortmoqlab kelayotgan ayol siymosini ko‘rganmisiz?..

Ko‘rgansiz! Paxta dalalarida, o‘qariq bo‘ylarida, bepoyon egatlar boshida ko‘p ko‘rgansiz!

Bugun ana shunday ayollar – onalarimiz qahramonga aylangan. Elning nazariga tushgan. El ularni ardoqlab, munosib qadrladi. Aslida qora mehnatda suyagi qotib, bolam deb zahmat chekayotgan barcha ayollarimiz qahramonlikka munosibdir.

     

Asli kosonsoylik bo‘lgan Xalchaxon Mirzaeva ana shundaylardan.

U kishining dadasi Meliboy aka xizmat taqozosi bilan 1954 yili Kosonsoydan To‘raqo‘rg‘onga ko‘chib keladi. Paxtaning ilmu amalini juda yaxshi bilgani bois, o‘sha paytdagi rahbarlar Meliboy akani shu tomonlarga jo‘natishgan edi. O‘sha paytlarda ota-onasi kolxozchi bo‘lgan farzandlarning umri qaerda o‘tgan deysiz?! Albatta, dalada! Ikkinchi jahon urushidan keyingi og‘ir tiklanish yillari, sobiq tuzumning paxta siyosati bilan charxlangan qilichi yoshu qarining boshida birday o‘ynayotgan davr edi u paytlar.

…Xo‘jaligimizda 40 ga yaqin kishi halol mehnat qilib ro‘zg‘or 

tebratyapti. Ikkita traktor, issiqxonamiz bor. Mahalla guzarida savdo 

va maishiy xizmat shoxobchalari quryapmiz. Uch gektar yer olib, 

intensiv bog‘ yaratish harakatida yuribman…

– U zamonlarni eslasam, bugun ham yuragim zirqiraydi, – deydi Xalchaxon aya. – Bu hali yosh bola, bu kasalmand ayol yoki qariya, deb o‘tirmay hamma yoppasiga dalaga “surgun” qilinardi. Homilador ayollar paxtazorda ko‘zi yorigan holatlar ham bo‘lgan. Tong qorong‘isidan qaro xuftongacha dalada ishlaganimiz yetmaganidek, uyga ko‘sak olib kelib, yarim kechagacha chuvirdik. O‘ylab ko‘rsam, o‘sha paytlardagi barcha odamlarga qahramon unvoni berilishi kerak ekan. Aslida mehnatimiz shu qadar beqadr bo‘lgan ekanki, buni bugungi kunlar bilan qiyoslab tushunib yetmoqdamiz.

     

Ha, Xalchaxon ayaning bolaligi bir umr paxtachilik brigadiri bo‘lib o‘tgan otasi, o‘toq, chopiq, yagana, chekanka, terim, ipak qurtidan boshqani bilmagan onasi ortidan dalada kechdi. Yerga, dehqonchilik kasbiga mehri ana shunday mehnat-mashaqqatlar orqali shakllanib, hayotining mazmuniga aylandi. Shu bois 1965 yili 8-sinfni bitiriboq o‘ylab o‘tirmay xo‘jalikka ishga kirdi. Shundoq ham bir qarichligidan dalada o‘sgan qizni «kolxozga ishga kirdi» deyish g‘alatiroq. U o‘sha paytdan boshlab rasman ishga kirdi, unga mehnat daftarchasi ochildi, deyilsa aniqroq bo‘ladi. Xalchaxon Mirzaeva yigirma yildan ko‘proq kolxozda ipak qurti inkubisti, pillachilik brigadiri bo‘lib ishladi. 1986 yilda sobiq «Moskva» kolxozi brigadalaridan biriga yetakchi etib tayinlandi. O‘shanda otasining ishini davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lganidan xursand bo‘lsa, boshqa tomondan, ichki qo‘rquv va ishonchsizlik quvonchiga soya tashlab turardi. Chunki «qizil imperiya»ning Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi jallodlari yurtimizda «O‘zbek ishi», «Paxta ishi» tamg‘alari ostida qatag‘onni boshlab yuborgan edi.

– Sakson gektar yerim bor edi, – deb eslaydi Xalchaxon aya. – Hozir «yerim» deb aytyapman-u, aslida, o‘sha davrlarda yer o‘zimniki emas, texnika o‘zimniki emas, ixtiyor ham o‘zimda emas edi. Chigit ekishdan tortib g‘o‘zapoyani yig‘ishtirishgacha yuqorining ko‘rsatmasini kutib o‘tirardik. Dehqonchilikda yerning tilini bilmaydigan «mutaxassis»larning kitobiy yo‘l-yo‘riqlarini bajarishga majbur, hosil taqdiriga mas’ul, lekin parvarishida erki yo‘q brigadir edim. Baxtimga brigadir sifatidagi tahlikali davrim uzoq davom etmadi. 1991 yili davlatimiz mustaqilligi e’lon qilinishi bilan hammasi ortda qoldi. – Onaxon garchi oddiy brigadir bo‘lgan esalar-da, nuktadonlik bilan davom etadi. – Gapning rosti, o‘sha kunlar «Endi nima bo‘ladi, bu yog‘iga qanday ishlaymiz?» degan savol hammaning dilida ko‘ndalang edi. Chunki markazdan boshqarish, markazdan planlashtirish, markazdan ta’minlash… Hatto fikrlash ham markazdan bo‘lgan yetmish yillik siyosiy tuzumning asorati ongimizni ham falajlab qo‘ygan edi-da. Oxiratlari obod bo‘lsin, Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘anievich bizni bu ruhiy tanglikdan juda tez olib chiqib keta oldilar.

Kim edigu kim bo‘ldik. Bu savolga har birimiz o‘z hayotimizdan 

javob topa olamiz. Mustaqillik sharofati bilan qadrimiz, 

qaddimiz tiklandi, mehnatimiz ortidan topganimizga baraka kirdi.

     

Mustaqillikdan keyin «Moskva» kolxozi tugatilib, o‘rnida «Navro‘z» shirkat xo‘jaligi tashkil etildi. Keyin fermerlik harakati boshlandi. Barcha dehqonlar qatori Xalchaxon Mirzaeva uchun ham bu xushxabar bo‘ldi. Fermerlik harakati boshlangan 2002 yildayoq u tumanda birinchilardan bo‘lib 14 gektar yer oldi va «Xadichaxon aya» fermer xo‘jaligini tashkil qildi. Keyin o‘n olti yil davomida fermerlik faoliyatini kengaytirib, hosildorlikni paxtadan 40, g‘alladan 60 sentnerdan kamaytirmadi. Daromad ham shunga yarasha bo‘lib, xo‘jalik iqtisodi mustahkamlandi. Dastlabki yillarda ketmondan boshqa «texnika»si bo‘lmagan xo‘jalik keyinchalik MTZ80 va TTZ rusumli traktorlar, dehqonchilikdagi zarur agregatlarni sotib oldi.

Xalchaxon Mirzaevaning fidoyiligi, mashaqqatli mehnatlari nafaqat moddiy tomondan samara berdi, balki inson qadrini ulug‘lashdek sharafli rutbaga munosib ko‘rildi. U 1992 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor» faxriy unvoni, 2002 yilda esa «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi. 2007 yilda O‘zbekiston Qahramoni unvoni va «Oltin yulduz» medaliga munosib ko‘rildi.

Xalchaxon Mirzaevaning ko‘ksiga «Oltin yulduz»ni taqayotib Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov shunday degan edi:

– Mana, shu ayolni ko‘ring, shu ayol qahramon bo‘ladi deb kim o‘ylagan?! Aslida shu kichik jussasiyu ulkan qalbiga el-yurtga xizmat qilishdek ulkan mas’uliyatni ortgan ayol uchun dalada ishlash bilan birga olti farzandni boqib-tarbiyalashning o‘zi qahramonlik emasmi?!

Rost, bir qarashda boshqa ayollardan farq qilmaydigan, kichik jussali, yuzlari oftobda qoraygan, odmigina o‘zbek ayoli. Ko‘ksida yaraqlab turgan «Oltin yulduz» jilosi ham uning yuz-ko‘zlaridan yog‘ilayotgan kamtarlik nurlarini xira torttira olmagan edi o‘shanda.

– O‘sha lahzada ko‘zlarimdan duv-duv yosh quyilib keldi, – yana mijjalari yoshga to‘-lib xotirlaydi onaxon. – Bilmayman, bu sobiq tuzum davrida, kuch-g‘ayratga to‘lgan paytimdagi o‘ttiz yillik mehnatlarim hatto bitta «Faxriy yorliq»qa ham loyiq ko‘rilmagani uchun alam yoshlari keldimikan, – Xalchaxon aya o‘zini bosib so‘zida davom etadi. – Bugun xo‘jaligimizda 40 ga yaqin kishi halol mehnat qilib ro‘zg‘or tebratyapti. Ikkita traktor, issiqxonamiz bor. Mahalla guzarida savdo va maishiy xizmat shoxobchalari quryapmiz. Uch gektar yer olib, intensiv bog‘ yaratish harakatida yuribman. Darhaqiqat, Sayram qishlog‘ining Chustko‘prik mahallasidagilar Xalchaxon ayaning ayol boshi bilan besh o‘g‘il, bir qizni voyaga yetkazib, el koriga yaraydigan insonlar etib tarbiyalaganini alohida ehtirom bilan tilga olishadi. Eshitishimizcha, ayaning turmush o‘rtog‘i vafot etganida birorta o‘g‘lini uylamagan, qizini uzatmagan ekan. Hozir hamma farzandi uyli-joyli.

     

Namanganning serfayz dalalarida, egatlar boshida, o‘qariq bo‘ylarida Tangrining noyob yaratig‘i – tinib-tinchimas ayol, o‘n to‘qqiz nabira va ikki evaraning buvisi, O‘zbekiston Qahramoni, «Xadicha aya» fermer xo‘jaligining rahbari Xalchaxon Mirzaeva nedir rejalarni xomcho‘t qilib kezinadi. Uzoq yillar ushbu tuproq bilan tillashib oltin yulduz topdi.

Institut matbuot kotibi   N.L.Usmanova.