“Nuroniy” jamg‘armasi O‘zbekiston xalq shoiri Shukrulloga I darajali (oltin) “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini topshirdi.

24.11.2018, 15:04 Institut yangiliklari, Yangiliklar 544

O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Boshqaruvi raisi Shuhrat Jalilov O‘zbekiston xalq shoiri Shukrulloga I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini topshirish maqsadida shoirning xonadoniga tashrif buyurdi.

Ma’lumki, Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni (I, II, III darajali) ta’sis etilgan edi. Ushbu ko‘krak nishon bilan iqtisodiyot va ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalardagi uzoq yillik halol mehnatlari uchun mehnatkashlarga, shuningdek, ishlamaydigan, jamiyatda mustahkam oilani saqlab qolgan, farzandlarini kattalarga va kichik avlodga hurmat, jamiyat oldidagi mas’uliyat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalab hurmat qozongan onalarga taqdim etiladi.

Shukrullo domla mamlakatimiz shoir va yozuvchilari orasida “Nuroniy” jamg‘armasining ana shunday yuksak I darajali (oltin) “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan ilk yozuvchidir. Endi uning xonadoni eshigida “Bu yerda I darajali “Mehnat faxriysi” nishoni bilan taqdirlangan

O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo Yusupov istiqomat qiladi” yozuvi bo‘lgan belgi – bronza taxtacha o‘rnatiladi.

Shu kuni Shuhrat Jalilov boshchiligidagi “Nuroniy” jamg‘armasi faollari O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboev xonadonida ham bo‘lib, yozuvchiga I darajali (oltin) “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini tantanali topshirdilar.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Shukrullo domla O‘zbekiston Milliy axborot agentligining “Gurung” turkum videosuhbatining mehmoni bo‘lgan edi.

Saytimizni kuzatib boring, “Nuroniy” jamg‘armasining Shukrullo domlaga I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini topshirish marosimining tafsilotlari bilan tanishasiz.

 

 

Farhod Esonov, O‘zA

Institut matbuot kotibi       N.L.Usmanova