Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi an’anaviy o‘tkaziladi.

24.11.2018, 14:44 Institut yangiliklari, Yangiliklar 480

Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida 22-23 noyabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumning dastlabki kunida ishtirokchilar “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi merosi – universallik va inson huquqlari”, “Inson huquqlari – Barqaror rivojlanish maqsadlarini ta’minlash asosi sifatida”, “Inson huquqlari sohasi ta’limi: innovatsiyalar va yangi da’vatlar” sessiyalarida o‘zaro fikr almashdi.

Ikkinchi kungi sessiya “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning inson huquqlari hurmat qilinishi, himoya etilishi hamda ularga rioya qilinishini ta’minlash masalalarida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligi” mavzusiga bag‘ishlandi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha Mo‘g‘uliston milliy komissiyasi bosh komissari Yamsran Byambadorj, Qirg‘iziston Ombudsmani Tokon Mamitov, Inson huquqlari bo‘yicha Indoneziya milliy komissiyasi raisi Ahmad Damanik, Inson huquqlari bo‘yicha O‘mon sultonligi qo‘mitasi a’zosi Is’hoq bin Jumma al-Xarusiyning ma’ruzalari tinglandi.

Ushbu ma’ruzalar va mavzu yuzasidan ishtirokchilarning fikr-mulohazalari asosida sessiyaning taklif va tavsiyalari ishlab chiqildi.

Shundan so‘ng forum yakunlariga bag‘ishlangan yakuniy majlis o‘tkazildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusidagi Osiyo forumi muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidladi.

– Ikki kun davomida forum sessiyalarida ko‘plab ma’ruzalar tinglandi, – dedi A.Saidov. – Shuningdek, mavzular bo‘yicha kichik ishchi guruhlarda ma’ruzalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Mazkur yig‘ilishlarda ellikdan ortiq ishtirokchi – xalqaro tashkilotlar, davlat organlari, parlament vakillari, sud-huquq idoralari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari inson huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bayon etdi. Tadbir tashkilotchilari ushbu fikrlarni forumning yakuniy hujjati – Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini tayyorlashda e’tiborga oldi va ular hujjatda aks etdi. Anjuman qatnashchilari Osiyo forumi o‘z vaqtida tashkil etilgani va unda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama etilganini qayd etdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining maxsus vakili Adam Abdelmula Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu forum sohada faoliyat olib borayotgan milliy institutlar, xalqaro ekspertlar uchun o‘zaro fikr va tajriba almashish, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun vazifalarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidladi. Shu sababli mazkur forumni an’anaviy tarzda o‘tkazish taklifini bayon etdi.

YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Ingibyorg Solrun Gisladottir, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Xelena Freyzer ham forum muvaffaqiyatli o‘tganini qayd etib, unda bildirilgan fikrlar Osiyo mamlakatlarida inson huquqlarini himoya qilish sohasida dolzarb vazifalarni belgilab bergani bilan ahamiyatli bo‘lganini ta’kidladi.

YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor forumda muhokama etilgan masalalar muhimligiga e’tibor qaratib, asosiy vazifa ularni amalga oshirish ekaniga urg‘u berdi.

– Biz inson huquqlari sohasida harakatdan to‘xtamasak, oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishamiz, – dedi Jon Makgregor. – Ikki kun davomida barchamizning diqqat markazimizda turgan masalalar, o‘ylantirgan savollarga qaysidir ma’noda javob topdik, qanday harakat qilishimiz lozimligini angladik. Gap inson haq-huquqlarini ta’minlash, millat kelajagiga qaratilgan ana shu maqsadlar sari intilishda. Barchamiz uchun millat kelajagidan muhim mavzu yo‘q. Mazkur forum ham O‘zbekiston, umuman, Osiyo mamlakatlarida inson huquqlari sohasidagi islohotlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qiladi. Biz bu borada O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlarni tashkilotimizga a’zo davlatlarga ibrat qilib ko‘rsatamiz.

Forum qatnashchilari ikki kunlik muhokamalar yakunlari yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qildilar. Ushbu hujjat Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan vazifalarni yanada samarali bajarishga xizmat qilishi e’tirof etildi.

Osiyo forumi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Ingibyorg Solrun Gisladottirning uchrashuvi o‘tkazildi. Unda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

Forum ishtirokchilari uchun Samarqandning tarixiy obidalari va diqqatga sazovor maskanlariga sayohat uyushtirildi.

                 

 

 

 

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA

Institut matbuot kotibi       N.L.Usmanova