Aholi bandligini oshirish maqsadida mikrokreditlar hajmi ko‘paytiriladi.

23.11.2018, 12:13 Institut yangiliklari, Yangiliklar 471

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-noyabr kuni bank tizimini isloh etish va banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, hududlar va tadbirkorlikni rivojlantirishda tijorat banklarining rolini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kreditlar ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda zarur manba hisoblanadi. Bo‘sh mablag‘larni jalb qilib, ularni kredit sifatida tadbirkor va investorlarga taqdim etadigan tijorat banklarining iqtisodiy jarayonlardagi roli juda katta.

Shu borada ko‘rilgan tizimli choralar natijasida oxirgi ikki yilda banklar tomonidan investitsiya loyihalarini kreditlash ko‘lami sezilarli darajada kengayib, kredit portfeli hajmi 3,2 barobar oshdi. Hududlarni rivojlantirish dasturlari doirasida 6 ming 400 ta loyiha uchun 27 trillion so‘m kredit ajratildi.

Yig‘ilishda bank tizimida ijobiy natijalar bilan birga, qator muammolar ham borligi qayd etildi. Joriy yilda Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga bank sohasi bo‘yicha 24 mingdan ziyod murojaat bo‘lgani shundan dalolat beradi.

Videoselektorda muammoli kreditlar masalasi muhokama qilindi. Bunday kreditlar jami kreditlarning 1,8 foizidan kam bo‘lsa-da, yil boshiga nisbatan oshgani qayd qilindi. Hududlar kesimida bunday kreditlarining 76 foizi Toshkent shahriga, 5 foizi Qashqadaryo, 3 foizi Buxoro viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, hokimliklar va tarmoqlar tomonidan ayrim loyihalar puxta ishlab chiqilmagani oqibatida bir qator ob’ektlar o‘z vaqtida ishga tushmagani hamda kreditlar qaytishi cho‘zilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Jumladan, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kredit mablag‘lari ajratilgan ayrim investitsiya loyihalarini amalga oshirish haligacha boshlanmagani tanqid qilindi.

Uy-joy fondini ta’mirlash va turar joy binolarini barpo etishga qaytarish manbalari va imkoniyatlari to‘liq o‘rganilmasdan kredit ajratilishi oqibatida umidsiz qarzlar ko‘paymoqda. Jumladan, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi bo‘yicha katta miqdorda muammoli kreditlar mavjud. Ulardan eng ko‘plari – Toshkent shahrida 32 milliard so‘m, Qashqadaryo viloyatida 27 milliard so‘m, Andijon viloyatida qariyb 20 milliard so‘m va Buxoro viloyatida 14 milliard so‘mdir.

Davlatimiz rahbari muammoli kreditlarni qaytarish banklarning imkoniyatlarini yanada kengaytirishini, ularni undirish bo‘yicha banklar, qarzdor korxonalar, kompaniya va uyushmalar, hududlar rahbarlari birgalikda ish olib borishi zarurligini ta’kidladi.

Banklarning kredit uchun resurslar jamlashdagi faolligi ham yetarli emas. Aholi va yuridik shaxslarning bo‘sh mablag‘larini bank depozitlariga, birinchi navbatda muddatli va jamg‘arib boriladigan depozitlarga jalb qilish banklarning moliyaviy barqarorligini oshiradi.

Prezidentimiz tijorat banklari xalqaro moliya institutlari kredit liniyalarini yanada faol jalb etishi va ularni to‘liq o‘zlashtirishi lozimligini qayd etdi.

Tijorat banklari ustav kapitali asosan davlat ulushi hisobiga oshirilib, xususiy sektor mablag‘lari deyarli yo‘naltirilmagani jiddiy tanqid qilindi.

O‘tgan ikki yil mobaynida davlat tomonidan banklarning kapitaliga qariyb 1 milliard dollar miqdorida mablag‘lar ajratilgan. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan davlat ulushiga ega deyarli barcha banklar, jumladan, Qishloq qurilish bank, Sanoatqurilishbank, Asakabank, Agrobank, Mikrokreditbank, Aloqabank va Ipoteka bank ustav kapitalida jismoniy va yuridik shaxslarning aksiyalari ulushi keskin kamaygan. Shuning uchun banklarning ustav kapitaliga xususiy sektor mablag‘larini faol jalb etish kerakligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda kuzatuv kengashlari banklarning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash va faoliyatini yaxshilash bo‘yicha yetarli ish olib bormayotgani muhokama qilinib, Markaziy bank, Iqtisodiyot vazirligiga davlat tasarrufidagi banklarning kuzatuv kengashlari faoliyatini tanqidiy o‘rgangan holda, ularning tarkibini tubdan qayta ko‘rib chiqish va samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Mamlakatimiz moliya muassasalari faoliyatini takomillashtirish uchun xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida mikrokreditlar hajmini keskin oshirish, ularni ajratish tartibini soddalashtirish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari eshitildi.

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova