2017 yil 24 mart kuni Toshkent farmatsevtika instituti hamda «Ibn Sino xalqaro jamg‘armasi” o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi

30.03.2017, 13:08 Institut yangiliklari, Yangiliklar 1231

Buyuk allomalar merosini o‘rganish, asrash va boyitishO‘zbekiston Respublikasi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 6 yanvardagi «Ibn Sino xalqaro jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan, yurtimizda Ibn Sino xalqaro jamg‘armasi tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – dunyo tibbiyotiga ulkan hissa qo‘shgan shifokor, olim va faylasuf Abu Ali ibn Sinoning bashariyatga qoldirgan boy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish, xususan uning ma’naviy-ma’rifiy merosi asosida vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarni tarbiyalash, bu umumbashariy xazinadan chet el fuqarolarini xabardor etish, insonparvarlik xayriya ishlarini amalga oshirish va sog‘liqni saqlash tizimi islohotida faol ishtirok etishdan iboratdir.

Ibn Sino jamoat fondi nafaqat mamlakatimiz, balki boshqa davlatlarda ham turli ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlarini o‘tkazish tashabbuskori va tashkilotchisi bo‘lib kelmoqda. Mazkur tashkilot butun dunyo miqyosida xalqaro darajada o‘z nufuziga ega bo‘lib, joriy yil  Fransiya tibbiyot akademiyasida bo‘lib o‘tgan an’anaviy «Ibn Sino xalqaro mukofoti»ni ta’sis etish to‘g‘risida»gi yig‘ilishida etti nominatsiya bo‘yicha jamoat fondi 1-o‘ringa sazovor deb topildi. Abu Ali ibn Sinoning surati aks ettirilgan statuetka va maxsus diplom topshiriladi.

     

        Jamg‘armaning asosiy vazifasi nimada?

Jamg‘armaning asosiy vazifalari sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni jadallashtirishga ko‘maklashish, tibbiy-ijtimoiy xayriya tashkilotlari, nuroniylar uchun gerontologiya (geriatriya) markazlarini ochish va Ibn Sino ta’limoti hamda zamonaviy tibbiyot ilm-fani asosida Sharq tabobatini (xalq tabobatini) rivojlantirib borish, Abu Ali ibn Sinoning ijodiy merosini chuqur o‘rganish jarayonini tashkil etish, maktablar va oliy o‘quv yurtlari uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, buyuk olim asarlarini tartibga solish va ularni nashr etishga ko‘maklashish, Ibn Sino kutubxonasini ochish, buyuk olim asarlari asosida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kitoblar, risolalar, jurnal nashr etish, televidenie va radioda doimiy ishlab turadigan dasturlar ochish, Ibn Sino muzeyini barpo etish; Ibn Sinoning tibbiy va ilmiy-amaliy merosiga oid tadqiqotlar olib borishga, uning fandagi maktablarini o‘rganishga ko‘maklashish, xususan olimlarning bu boradagi ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish va muvofiqlashtirish; tibbiyot va dorishunoslik sohasidagi eng yaxshi ishlar uchun Ibn Sino nomidagi mukofot ta’sis etish va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash; chet el olimlari bilan aloqa o‘rnatish, Ibn Sinoning ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium, konferensiya, kongress o‘tkazish; mamlakatning barcha viloyatlarida va xorijiy o‘lkalarda fond bo‘linmalarini tashkil etish, buyuk vatandoshimiz tavallud topgan tuproq – Buxoro shahrida har yili Ibn Sino xalqaro o‘qishlarini o‘tkazib turish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq, jamg‘arma tibbiyot muassasalarining virtual kutubxonasi uchun ingliz tilida kasalliklar xaritasini zamonaviy elektron nusxada ishlab chiqdi. Joriy yilda mamlakatning ilmiy-madaniy nufuzini ko‘tarish maqsadida Ibn Sino g‘oya va merosini targ‘ib qilish orqali Afshonadagi (olimning tug‘ilgan joyi) Ibn Sino muzeyini takomillashtirish va yangilash bo‘yicha loyiha va materiallar tayyorlandi. SHuningdek, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Jamoat fondi tomonidan ilmiy izlanishlar davom ettirilmoqda. Jamoat fondi tibbiyot muassasalarining virtual kutubxonasi uchun  ingliz tilida kasalliklar xaritasining zamonaviy elektron nusxasini ishlab chiqdi.

     

Ozarbayjon, AQSH, Xitoy, Isroil kabi davlatlardagi tibbiy va muzeyshunoslik sohasidagi tuzilmalar bilan hamkorlikda Ibn Sino ta’limotiga oid bir qancha kitoblar yurtimizga keltirildi. Yaqinda noyob manba — Ozarbayjon qo‘lyozmalar institutida saqlanayotgan Ibn Sinoning “Al-Kanun fit tib” asari fotonusxasi olib kelindi.

Institut olimlari bilan ilmiy izlanishlar olib borishda hamda talabalar o‘rtasida Ibn Sinoni boy ilmiy merosini targ‘ib etishda mazkur jamg‘arma bilan yaqindan hamkorlik aloqalariga huquqiy zamin yaratildi. Hamkorlik shartnomasini bajarilishida institut olimlari va yosh izlanuvchilariga katta muvaffiqiyat tilaymiz.