“2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

19.04.2017, 15:53 Institut yangiliklari, Tadbirlar, Yangiliklar 676

     

2017 yil 18 aprel kuni soat 15-00 da professor-o‘qituvchilar o‘rtasida “Ta’lim tizimida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqaorolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari  Vafoyev Shuhrat G‘afurovich, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy o‘quv kurslari kafedrasi mudiri Karimov Xurshid Akramovich, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Turg‘unov Ilhom Turg‘unovichlar ishtirok etishdi.

         Tadbir kun tartibida quyidagi masalalar o‘rin oldi:

  1. “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” haqida
  2. “Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari”
  3. “Ichki ishlar idoralarida korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan amaliy ishlar”

Mazkur masalalar yuzasidan soha mutaxassislari ma’ruzalar qilishdi. Tadbirda jami 210 nafar professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqaorolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari  Vafoyev Shuhrat G‘afurovich o‘z ma’ruzasida “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” haqida ma’lumot berib o‘tdi.

     

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini  tasdiqladi. Bular quyidagilardan iborat:

  1. Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning hamda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, «Elektron hukumat» tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish;
  2. Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga yo‘naltirilgan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samarasini oshirish, sud jarayonida tortishuv tamoyilini to‘laqonli joriy etish, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash;
  3. Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish;
  4. Ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoyasi va sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish;
  5. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash. O‘zbekiston har qanday tahdidlarga keskin zarba berishga qodir ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yo‘naltirilgan davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash.

Harakatlar strategiyasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining birlamchi vazifasi va bosh ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi; Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan  holda amalga oshiriladi.

Ma’ruzachi qiziqarli jonli misollar bilan o‘z ma’ruzasini yakunladi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Turg‘unov Ilhom Turg‘unovich jonli misollar bilan korrupsiya holatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha ma’lumot oldilar.