O‘zbekiston germaniya bilan texnika sohasida mutaxassislar tayyorlashda hamkorlik qiladi.

21.11.2018, 14:36 Institut yangiliklari, Yangiliklar 617

20 noyabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Madjidov Berlin texnika universiteti ijrochi direktori Arnold Shterngarsni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga erishish maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga katta e’tibor qaratilayotgani qayd etilib, respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlarning oliy ta’lim muassasalari xususiyatlari ta’kidlab o‘tildi.

Muzokaralarda Germaniya ta’lim tizimining ijobiy jihatlari qayd etilib, undagi ilg‘or tajribalarni yurtimiz oliy ta’lim tizimiga joriy etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, Toshkent davlat texnika universitetida Berlin texnika universiteti bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari mavjud ekanligi qayd etildi. Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini aniq maqsadlarga qaratilgan amaliy tadbirlar bilan kengaytirishga kelishib olishdi.

Institut matbuot kotibi  N.L.Usmanova