2019-yil O‘zbekistonda tibbiyotni rivojlantirish yili bo‘ladi.

10.11.2018, 19:43 Institut yangiliklari, Yangiliklar 1022

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasidagi islohotlar natijalarini tahlil qilish va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani, unda, jumladan, tibbiy sug‘urta masalasiga ham to‘xtalib o‘tilgani haqida xabar berilgan edi.

“Xalq tibbiyot sohasiga qanchalik ishonsa, davlatga ham shunchalik ishonadi. Xalq ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlardan rozi bo‘lsa — davlatdan, bugungi yuritilayotgan siyosatdan ham rozi bo‘ladi”, degan prezident Sh.Mirziyoyev.

KUN.UZning manbasiga ko‘ra, prezident Sh.Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida 2019-yil O‘zbekistonda tibbiyotni rivojlantirish yili bo‘lishini aytgan. Yangi yilni aynan qanday nomlash an’anaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirda e’lon qilinishi mumkin. Ammo davlat rahbarining yig‘ilishda aytgan so‘zlaridan kelib chiqilsa, u qaysi yo‘nalishda bo‘lishi ma’lum bo‘lmoqda.

“Biz barcha sohalardan ham tibbiyot sohasiga alohida e’tibor ko‘rsatdik. Chunki bosh maqsadimiz — xalq salomatligini saqlash, sog‘lig‘ini yanada mustahkamlash”, — degan Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda prezidentning sohaga oid 50 ta farmon, qaror va farmoyishlari, hukumatning 70 dan ziyod qaror va farmoyishlari qabul qilinganiga alohida urg‘u berilgan.

“Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori ham mazkur sohadagi yana bir ijobiy yangilik bo‘ldi. Unga muvofiq, tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 2018-yil 1-dekabrdan — 20 foizga, 2019-yil 1-apreldan yana 15 foizga oshiriladi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, videoselektorda tibbiyot sohasini o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirish yo‘nalishlari muhokama qilingan. Prezident Sh.Mirziyoyev O‘zbekistonda 2025-yilgacha sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya loyihasini puxta ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan.

Manba kun.uz

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova