“Til millat qadri”

19.10.2018, 22:03 Institut yangiliklari, Yangiliklar 676

O‘zbek tili taraqqiyoti bugungi kunga qadar juda katta tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan. Tilimizning ilk namunalari O‘rxun-Enasoy bitiklarida uchraydi. Ulardagi yozuvlarda aks etgan tilimiz qadimgi turkiy til hisoblanadi.

Ona tili – muqaddas tushuncha. Har bir inson o‘z ona tilini ulug‘laydi, ko‘kka ko‘taradi. U orqali dunyoni taniydi, kashf etadi, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti I.Karimov til haqida “Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga avvalo ona allasi ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili millatning ruhidir. O‘z tilini yo‘qotgan har qanday millat o‘zligidan judo bo‘ladi” degan edi. Darhaqiqat, til- insonning milliy va ma’naviy boyligi hisoblanadi. Til – ona allasi orqali kirib, insonning ruhiyatiga milliylikni singdiradi. Til – millatning ko‘zgusi bo‘lib, unda tarix – o‘tmish va kelajak jonlanadi.

     

     

1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Davlat suvereniteti” haqidagi 1-bobining 4-moddasida” O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir” deb belgilab qo‘yildi.

     

    

1993-yil 2-sentyabrda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida” Qonun qabul qilinishi vatanimizning ma’naviy-ma’rifiy hayotida olamshumul ahamiyat kasb etdi. Yangi alifboga kiritilgan o‘zgarishlar asosida “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1995-yil 24-avgustda tasdiqlandi. Davr taqozosi bilan “Davlat tili haqida”gi Qonunga ham ayrim o‘zgarishlar kiritildi va 1995-yilning 21-dekabrida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirda “Davlat tili haqida”gi Qonuni e’lon qilindi. Bu Qonun 24 moddadan iborat. 1996-1997 o‘quv yilidan maktabning 1-sinfi yangi alifboni o‘rgana boshladi. Davlat tilini o‘rganish, unga amal qilish tabiiy ehtiyoj va zaruratga, hatto anglangan majburiyatga aylanib bormoqda.

     

     

     

Kuni kecha Toshkent farmatsevtika instituti va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda  O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 29 yilligiga  bag‘ishlangan “Til-millat qadri” nomli ma’naviy ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda kirish so‘zini Toshkent farmatsevtika institutining ilmiy va innovatsion sohalar bo‘yicha prorektor N.S.Normaxamatov ochib berdi va Tillar kafedrasi mudiri S.To‘ychiyeva o‘z tilimizni qadirlash, yoshlar o‘rtasida milliy tilimzga bo‘lgan munosabatni yaxshilash xususida to‘xtaldi. Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining talabalari ishtirokidagi chiqishlar tadbirga ko‘tarinki rux baxsh etdi.

     

    

Institut matbuot kotibi

N.L.Usmanova