Bayramingiz muborak aziz ustozlar!

27.09.2018, 17:20 Institut yangiliklari, Yangiliklar 607

Dunyoda shunday insonlar bo‘ladiki, ular har doim el ardog‘ida, hurmat e’tiborida bo‘lishadi. Bu kabi insonlar kelajak avlod ta’lim-tarbiyasiga mas’uldirlar. SHuningdek, yoshlarning kamoloti, barkamol inson bo‘lib voyaga etishlarida ularning mehnatlari tahsinga loyiqdir. Biz so‘z yuritayotgan kasb egasiga berilgan ta’rifdan anglagan bo‘lsangiz kerak. Ha ular ustozlarimizdir. Xalqimiz o‘rtasida “Ustoz otangdek ulug‘”, – deya ta’rif beriladi. Haqiqatda ustozlarimiz ota-onalarimizdek aziz va jonkuyar, mehribon va sevimlidirlar. Biror kasb egasi yo‘q-ki, ularning tarbiyasida bo‘lmagan, mehr bulog‘idan suv ichmagan. Dono xalqimiz bejizga “Ustoz ko‘rmagan, har maqomga yo‘rg‘alar”,- deya ta’kidlaydi. SHu bois, barcha kasb egalari borki, ustozlar ta’lim-tarbiyasini olgan va ulkan cho‘qqilarni zabt etishgan.

Ma’lumki, istiqlol yillarida o‘qituvchi va murabbiylik kasbi tom ma’noda qadr va e’zoz topdi.Fan qasrini bino qilgan ham, o‘quvchisi uchun bor vaqtini ayamagan inson ham ustoz muallimdir. Bizni ilm bulog‘idan bahramand etgan, tafakkurimizni ziyo shamchirog‘i ila yoritgan bu kabi insonlarga doimo ta’zim qilamiz.

Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat-ehtirom, cheksiz minnatdorchilik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab, ado qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo‘ladi. Eng muhimi bunday zamonaviy bilim maskanlarida jonkuyarlik va fidoyilik ko‘rsatayotgan o‘qituvchi va murabbiylarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish bo‘yicha o‘ziga xos yangi tizim joriy etildi. Bu bejiz emas. CHunki ularning mehnati ana shunday yuksak e’tibor va e’zozga munosibdir.

Umumxalq bayrami – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan halol mehnati va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun yurtimizdagi barcha ustoz va murabbiylarni institut jamoasi nomidan muborakbod etaman. Barchalaringizga sog‘liq, katta baxt, ilmiy-pedagogik faoliyatingizda ulkan zafarlar, barcha reja va orzu-umidlaringizni ro‘yobga chiqishini tilayman.

Sizlarga dunyodagi ezgu niyatlar ijobatligini, el e’tirofiga, e’zoziga munosib bo‘lish baxti tark etmasligini tilab, yaqinlaringiz va shogirdlaringiz baxtiga sog‘-salomat bo‘ling deymiz. Har doim elning nazarida, e’zozida bo‘lish baxti Sizlarni tark etmasin.

I.I.Alimdjanov

Toshkent farmatsevtika instituti

rektori, professor