1-oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami munosabati bilan institut rektori professor X.K.Djalilov tabrigi.

02.10.2017, 11:29 Institut yangiliklari, Yangiliklar 89

Kuni kecha mamlakatimiz prezidenti SH.Mirziyoevning ta’lim sohasida uzoq yillardan beri mehnat qilib kelayotgan pedagog-xodimlarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilindi.Bu mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarga juda katta e’tibor berib kelinayotganligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-avgustdagi 1-oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mitaning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq  bayrami munosabati bilan Toshkent shahri va joylarda o‘tkaziladigan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni  o‘tkazish to‘g‘risida”gi (07/9-7-son, 26.08.2017 y.) majlis bayonida belgilangan tadbirlarni ijrosini ta’minlash institut jamoasining vazifasi.

Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat – ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab va ado qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik xissi paydo bo‘ladi. Ustozlarimiz o‘giti, keksalarimiz pand-nasihatlariga amal qilib borsak, aslo kam bo‘lmaymiz. Bu bilan ustoz va murabbiylarimiz oldidagi ilk burchimizni ado etgan bo‘lamiz. Inson, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashaydi.

Bizga saboq bergan, hayot so‘qmoqlaridan odimlab borishimizda ustozlik qilgan va bu vazifani ayni paytda ham sharaf bilan bajarib kelayotgan insonlarni kasb bayramlari bilan tabriklashga oshiqamiz.  Albatta, har birimiz istalgan sohada mehnat qilmaylik, ustoz va murabbiylarga ehtiyoj sezamiz.

Xalqimiz ustozlarni e’zozlab bejizga  “Ustozning umri – mangu, chunki shogirdlar umri unga ulanadi”, – deydi.

Institutda  ushbu bayramni tantanali nishonlash uzoq yillardan beri an’ana bo‘lib kelib  1-kursga qabul qilingan talabalarni “Talabalik qasamyodi” ham qabul qilinadi.

Bu yil institutimiz o‘zining shonli 80 yillik to‘yini nishonlaydi. Bayram tantanalarida uzoq yillar davomida yoshlarga saboq bergan ustozlarni eslash barchamizning burchimiz.

Bayram barchangizga qutlug‘ bo‘lsin. Sizlarga sog‘liq, katta baxt, ilmiy-pedagogik faoliyatingizda ulkan zafarlar, barcha reja va orzu-umidlaringizni ro‘yobga chiqishini tilayman.