“Yoshlar va kitobxonlik”

27.04.2017, 14:15 Institut yangiliklari, Yangiliklar 214

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida” farmoyishi hamda Toshkent farmatsevtika instituti talaba-yoshlari o‘rtasida kitobxonlik, mutola madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida ma’ruza zalida 2017 yil 26 aprel kuni soat 14-00 da “Yoshlar va kitobxonlik” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston YOzuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Chorsham Ro‘ziev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi shoir, Xalqaro “Oltin qalam” mukofoti sovrindori Dilshod Rajabovlar ishtirok etishdi.

    

Tadbir ishtirokchilari o‘z ma’ruzalarida quyidagilarga e’tibor qaratdilar. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.Xalqimiz tilida ham kitob o‘qib bilim va munosib ta’lim-tarbiya olish, ilm-fan bilan shug‘ullanish, kasb-hunar o‘rganishning ahamiyatiga doir maqollar juda ko‘p. Jumladan, “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Baxt belgisi – bilim”,  “Hunar – oqar buloq, ilm – yonar chiroq”, “Oltin olma, bilim ol, bilim olsang, bilib ol”. Bunday purhikmat naqllarni yana uzoq davom ettirish mumkin.

Eng muhimi, necha ming yillardan buyon saqallanib, ne-ne avlodlarga yo‘lchi yulduzdek to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib kelayotgan ana shu xalqona hikmatlar negizidagi asl haqiqat shuki, insonning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli va davlatli bo‘lishining muhim omili – bu kitobga do‘st bo‘lish, hamisha kitob o‘qish va kitob mutolasini umr bo‘yi kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning baxtu kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitobning alohida o‘rni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.

    

Bu haqda so‘z borganda, Istiqlol bizga kitobxon xalq degan azaliy yuksak mavqeyimizni nafaqat qaytarib bergani, ayni chog‘da, bu boradagi intellektual salohiyatimiz va imkoniyatlarimizni tubdan oshirishning asosiy omili ham bo‘lganini ta’kidlash lozim. Binobarin, mustaqillik yillarida mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviyatini yuksaltirish, milliy adabiyotimiz va san’atimizni yanada rivojlantirish, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ijodkorlarning mehnatini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor berib kelinmoqda.

O‘tgan davrda matbuot, noshirlik va axborot sohasining mustahkam huquqiy asosi yaratildi. Xususan, bu borada 10 dan ortiq qonun va 30 dan ortiq qonunosti hujjati qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoevning 2017 yil 12 yanvarda imzolangan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ana shu ezgu ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga qaratilganligi bilan g‘oyatda ahamiyatlidir. Farmoyishda qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ishlab turibdi. Istiqlol davri arxitekturasining noyob inshooti – poytaxtimizdagi muhtasham “Ma’rifat markazi”da joylashgan Milliy kutubxona fondida qariyb 8 millionta kitob va boshqa manbalar, jumladan 450 mingtadan ortiq kitobning elektron versiyalari, elektron darslik va qo‘llanmalar mavjud. Elektron kutubxonaning ma’lumotlar bazasi o‘zbek, rus va ingliz tillarida yaratilgan. Shuningdek, 14 ta viloyat axborot-kutubxona markazi, tuman markazlari va shaharlardagi ta’lim muassasalarida 200 ga yaqin axborot-resurs markazi tomonidan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbir davomida shoirlar o‘z she’rlaridan namunalar o‘qidilar.

Tadbir jarayonida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldilar.